Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Sharof Rashidov tuman tibbiyot birlashmasida haftaning har jumasini “Milliy liboslar kuni” sifatida o‘tkazishga kelishildi.
[gallery-21210]
Ayol xodimalar haftaning har juma kuni o‘z ish joylariga milliy liboslarda kelib, milliy kiyimlarimizni targ‘ib qilishga o‘z hissalarini qo‘shishni maqsad qildilar. Bu amaliy harakat, o‘z navbatida, yosh avlodga milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizni e’zozlashga ibrat bo‘lib xizmat qiladi.
***
Jizzax viloyat prokurori o‘rinbosari A.Mirzoyev tomonidan Mirzacho‘l tumanida joylashgan “Mirzachulagroklastergroup” MCHJ negizida tekstil mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, 2024 yilda o‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardan foydalanishning ahvoli o‘rganildi.
Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasining qish mavsumidagi holati hamda muqobil energiyadan foydalanish sharoitlari ko‘zdan kechirilib, elektr energiyasini iqtisod qilish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
***
Zarbdor tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Q.Nurmatov hamda tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i B.Mamarasulov 1-sektor hududidagi “Mustaqillik” MFYda chet davlatda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar va yoshlar bilan suhbatlashdi.
Suhbat davomida chet davlatda ishlashning qonuniy asoslari, tuman bandlikka ko‘maklashish va tashqi migratsiya markazi bilan hamkorlik qilish, tashkil etilgan bepul o‘quv kurslari va kasbga o‘rgatish markazlari haqida uchrashuv ishtirokchilariga batafsil ma’lumot berildi.
***
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova Zafarobod tumaniga tashrif buyurdi.
Zulayho Mahkamova “Yorqin”MFYda tashkil etilgan ipak gilamchilikka ixtisoslashgan “Tasking karpit” MCHJ shaklidagi xorijiy korxona va xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish maqsadida “Uzun” qishloq fuqarolar yig‘inida ipak gilamchilik yo‘nalishida tashkil etilgan o‘quv markazi faoliyatlari bilan tanishdi.
Uchrashuvda 2025 yilda har bir mahalladan 100 nafardan jami 1000 nafar xotin-qizni ipak gilamchilikka o‘qitib, ularning ushbu yo‘nalishda bandligini ta’minlash yuzasidan kelishib olindi.
***
Baxmal tumanida Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 10 dekabrdagi 833-sonli qarori ijrosi doirasida “Ayollar daftari”ning 6-bosqichiga start berildi.
Tumandagi 34 ta mahalla fuqarolar yig‘inida “mahalla yettiligi” a’zolari tomonidan xonadonma-xonadon yurilib, 30 yoshdan oshgan xotin-qizlar xatlovdan o‘tkazilib, anketa so‘rovnomalari to‘ldirilmoqda.
Xatlov jarayonida oilalardagi mavjud muammolar o‘rganilib, ehtiyojmand xotin-qizlar aniqlanib, ularni “Ayollar daftari”ga kiritish ishlari amalga oshirilmoqda.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri