Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 32 yilligi arafasida G‘allaorol tumanida istiqomat qilayotgan ikki nafar ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola uy-joy bilan ta’minlandi.
Yangi uy kalitlarini topshirish marosimida tuman hokimning o‘rinbosarlari, tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari, tuman “Nuroniylar” jamg‘armasi raisi hamda mahalla faollari ishtirok etib, yangi xonadonga ega bo‘lgan yoshlarga uy-ro‘zg‘or va maishiy texnika jihozlari tuhfa qildilar.
O‘z navbatida “kichik vatan”ga ega bo‘lgan yoshlar Prezidentimizga o‘y-tashvishlari yengillashganligi, mushkullariga yechim topilganligi uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
***
Arnasoy tumani hokimligi tashabbusi bilan yoshlarda harbiy vatanparvarlik ruhini yuksaltirish maqsadida Paxtakor aviatsiya bilim yurtiga qarashli “n” harbiy qism o‘quv poligoniga ekskursiya tashkil etildi.
Mazkur ekskursiyada Milliy gvardiya Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari, Arnasoy tuman mudofaa, ichki ishlar, maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limlari xodimlari, otaliqqa olingan arnasoylik yoshlar ishtirok etdi.
Ekskursiya davomida o‘quvchi- yoshlarga harbiy qism borasida qiziqarli ma’lumotlar berilib, havoda harakatlanadigan vertolyot va samolyotlar hamda boshqa jangovar qurollar haqida ma’lumotlar berildi.
***
Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magi bilan “BMB HOLDING” bosh ofisida shu yurtning “ZBKR” va “Middle East Fruit Science” kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv tashkil etildi.
O‘zaro konstruktiv ruhda o‘tgan muloqot davomida mehmonlar “BMB HOLDING” va uning tarkibidagi korxonalar faoliyati bilan tanishtirildi.
Shuningdek, Eron kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida foydalaniladigan texnologiyalar taqdimoti o‘tkazildi hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish va unda zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishda hamkorlik aloqalarini o‘rnatish istiqbollari muhokama qilindi.
Kelgusida mazkur yo‘nalishlardagi imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish, Eronga qayta ishlangan va quritilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda hamkorlik qilishga kelishib olindi.
***
Jizzax viloyati prokuraturasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshchiligida Milliy gvardiya, soliq, elektr va gaz idoralari xodimlari tomonidan “Eski shahar buyum savdo kompleksi” hududida qo‘lbola usulda tayyorlangan isitish pechlari, sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan elektr va gaz jihozlari savdosining oldini olish, energiya resurslari behuda sarflanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida nazorat-reyd tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir davomida fuqarolar va tadbirkorlarga qo‘lbola va sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan isitish vositalaridan foydalanishning ayanchli oqibatlari hamda energiya resurslarini kunning yorug‘ vaqtlarida behuda sarflashning huquqiy oqibatlari tushuntirildi.
Hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda 3 ta holatda 22 ta standart talablariga javob bermaydigan qo‘lbola isitish pechlari savdosiga tegishli tartibda chek qo‘yildi.
***
Yangiobod tuman IIB jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya guruhi hisobida jazo o‘tayotgan mahkum yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularning muammolari o‘rganildi.
Muloqot davomida mahkumlarga jazoni o‘tash qoidalari, shartlari va talablariga qat’iy rioya qilinishi, qayta jinoyat va huquqbuzarlik sodir etmasliklari tushuntirildi.
[gallery-20656]
Shuningdek, tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari hamda kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi xodimlari ishtirokida mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri