Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i rahbarligidagi ishchi guruh a’zolari Sharof Rashidov tumanida joylashgan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saralash, qayta ishlash, qadoqlash va saqlash bilan shug‘ullanuvchi xorijiy qo‘shma korxonada bo‘ldi.
Uchrashuv jarayonida bojxona ko‘rigi davomida qonunbuzarliklarning oldini olish, to‘lovlarni to‘g‘ri undirish, bunda ahamiyat berilishi zarur bo‘lgan muhim jihatlar yuzasidan tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlariga zarur tavsiyalar berildi.
Jizzax viloyatida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 258 ta importyor korxona tomonidan 1 milliard 176 million AQSH dollari qiymatidagi tovarlar import qilingan.
Bu kabi nazorat tadbirlari muntazam davom ettirilmoqda.
***
Jizzax garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan Paxtakor tumani 1-sektor hududidagi yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi.
Unda Qurolli Kuchlarimizda olib borilayotgan islohotlar, oliy harbiy ta’lim muassasalariga saralash bosqichlari va harbiy xizmatchilarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.
Yoshlarni ona yurtga sadoqat va harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularda yot g‘oya va qarashlarning salbiy ta’siriga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish maqsadida maslahatlar berildi.
***
Viloyat prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 5 avgustdagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunining mazmun-mohiyati targ‘ib qilinmoqda.
Shuningdek, Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyati boshqarmasi Paxtakor tuman filiali xodimlari tomonidan tumanning “Samarqand” mahalla fuqarolar yig‘inida xatlov jarayonlari amalga oshirilmoqda.
***
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” davlat dasturi doirasida Jizzax shahar prokurori M.Mamatov va Mirzacho‘l tuman prokurori A.Sakiyevlar Jizzax erkin iqtisodiy zonasidagi “Mono electric” MCHJga qarashli elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasida bo‘lib, korxona imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, mazkur korxona tomonidan nogironligi bo‘lgan va kam ta’minlangan oilalar vakillariga yaratib berilgan shart-sharoitlar hamda kasanachilik asosida uy sharoitida ishlash mumkin bo‘lgan loyihalar ko‘rib chiqilib, aholi bandligini ta’minlashning zarur choralari belgilab olindi.
***
Zarbdor tumani hokimi Zafar Ro‘ziyev boshchiligidagi tuman sektorlari va mutasaddi tashkilotlari rahbarlari “mahalla yettiligi” bilan birgalikda uyma-uy yurib, fuqarolarning bugungi kundagi ahvoli va muammolarini o‘rganmoqda.
Tumandagi “Yangiobod” MFYda o‘tkazilgan xuddi shunday o‘rganishlar jarayonida elektr energiyasidagi muammolar joyida hal etildi.
Shuningdek, tadbirkorlik qilish uchun kredit olish istagida bo‘lgan fuqarolarning murojaatlari tegishliligi bo‘yicha bank va boshqa mutasaddi rahbarlar zimmasiga yuklatilib, ijrosi nazoratga olindi.
[gallery-20423]
A.Qayumov, O‘zA muxbiri