Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax viloyati umumiy o‘rta ta’lim maktablarida Sharof Rashidov nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi va viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida “Kitob mening eng yaqin do‘stim” mavzusida kitobxonlik tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Jumladan, G‘allaorol tumanidagi 42-umumta’lim maktabida tashkil etilgan yosh kitobxonlar tadbiri avvalida “Jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari kutubxonasi javoni”dan o‘rin olgan eng yangi va saralangan asarlar ko‘rgazmasi barchaning diqqat markazida bo‘ldi.
Davra suhbati bilan davom etgan tadbirda yoshlar tomonidan tayyorlangan badiiy asar qahramonlarining hayot kechinmalari aks etgan teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, ijro etilgan she’r va qo‘shiqlar tadbirning yuqori saviyada o‘tishini ta’minladi.
***
Do‘stlik tumani hokimi Shavkat Darvishev xorijdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan va ishlayotgan 1-sektor hududiga kiruvchi “Alisher Navoiy”, “Navro‘z”, “Manas” MFYlarning 20 dan ortiq vakili bilan onlayn muloqotda bo‘ldi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan suhbat jarayonida Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya Federatsiyasi, Qirg‘iz Respublikasida bo‘lib turgan yoshlarning yashash, turmush sharoitlari, sog‘liqlari, ish va o‘qish joylari hamda muammolari o‘rganildi.
Muloqot davomida Shavkat Darvishev, migrant va talaba- yoshlarga tumandagi o‘zgarishlar, aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida yaratilayotgan imkoniyatlar, bo‘sh ish o‘rinlari va tadbirkorlikka jalb qilish yuzasidan batafsil tushunchalar berdi.
***
Kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish hamda yuzaga kelgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida Jizzax shahar hokimi, ishchi guruh rahbari Komil Xolmurodov hamda ishchi guruhi a’zolari shaharning Shodlik mahallasida bo‘lib, u yerdagi ijtimoiy soha ob’ektlari, jumladan, umumta’lim maktabi, maktabgacha ta’lim tashkiloti va boshqa ob’ektlar hamda aholi xonadonlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.
Mavsumga tayyorgarlik borasida olib borilgan tizimli ishlar natijasida aholini issiqlik hamda elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlashda mavjud muammolarni bartaraf qilishga hamda bu borada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratildi.
***
Prezidentimiz raisligida kambag‘allikni qisqartirish ishlarini keyingi sifat bosqichiga olib chiqish masalalari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektr yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar asosida Zarbdor tumanida daromadi past oilalarni kambag‘allikdan chiqarish choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan, Xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati va xodimlari “Mustaqillik” MFY “mahalla yettiligi” vakillari bilan birgalikda mahallada daromadi past oilalarning turmush sharoitlari, oilaviy daromadi, muammo va ehtiyojlari bilan tanishdi.
O‘rganishlar davomida ularni daromadini oshirish, bandligini ta’minlash, moddiy va boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatish orqali kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha amaliy ishlar olib borildi.
***
Baxmalda o‘tkazilgan “Yil ayoli” milliy tanlovining tuman bosqichida hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga munosib hissasini qo‘shib kelayotgan yuksak ma’naviyatli, oila va farzand tarbiyasida ibrat bo‘lishi bilan birga o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilot nufuzini oshirishda faol ishtirok etayotgan turli soha sohibalari bo‘lgan ayollar tanlov nizomida belgilangan shartlar asosida bahslashdi.
Hakamlar hay’ati qarori bilan g‘oliblar aniqlanib, tanlov g‘oliblari va eng faol ishtirokchilari 11 ta nominatsiya bo‘yicha tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ushbu tanlovda g‘olib chiqqan baxmallik ayollar endi milliy tanlovning viloyat final bosqichida tuman sharafini himoya qiladi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri