Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax viloyati ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi kitobxon” tanlovining viloyat bosqichida 30 nafar qatnashchi 3 ta shart bo‘yicha bahslashdi.
Zukkolar tanlovi yakunida birinchi o‘rinni Arnasoy tumani IIB JXX HPB katta inspektori, leytenant Gulasal Sarimsoqova, ikkinchi o‘rinni Jizzax shahar IIB surishtiruv guruhi surishtiruvchisi, leytenant Olovuddin Malikov, uchinchi o‘rinni Mirzacho‘l tumani IIB JXX HPB voyaga yetmaganlar bilan ishlash guruhi katta inspektori, mayyor Sojida Jumanova egalladi.
[gallery-19252]
G‘olib, sovrindor va turli nominatsiyalar sohiblari diplom, faxriy yorliq va nodir kitoblar to‘plami bilan taqdirlandi.
***
Yangiobod tumanida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi boshqaruvining qo‘shma qarori asosida ”Keksalar salomatligini muhofaza qilish oyligi“ o‘tkazilmoqda.
Oylik doirasida “Nuroniy” jamg‘armasi Yangiobod tuman bo‘limi va tuman tibbiyot birlashmasida qator amaliy tadbirlar rejalashtirilib, ayni paytlarda ulug‘ yoshdagi va o‘zgalar qaroviga muhtoj nuroniy otaxon va onaxonlar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.
***
Mirzacho‘l tumanidagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun tarix fani darsi Mirzacho‘l tumanida Prezidentimiz olib borayotgan islohotlarning namoyishi sifatida qad ko‘targan “Ezgu niyat maydoni”da bo‘lib o‘tmoqda.
Jumladan, tumandagi 3-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilarining tarix darsida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Mirzacho‘l tumani bo‘linmasi rahbari Tursunqul Husanov tomonidan ishtirokchilarga “Ezgu niyat maydoni” barpo etilishining maqsad, mazmun va mohiyati, shuningdek, majmua o‘zida mujassamlashtirgan birinchi, ikkinchi, uchinchi Uyg‘onish davrlari asoschilari to‘g‘risida atroflicha tushunchalar berildi.
Bu kabi ochiq darslar tumandagi barcha umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun yil davomida bo‘lib o‘tishi belgilangan.
***
Zarbdor tumanida mutasaddi tashkilot vakillari bilan birgalikda yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘tkazilmoqda.
Mazkur tadbirlar davomida aholi xonadonlari va tadbirkorlik sub’ektlari ko‘zdan kechirilib, nostandart gaz yondirgich va qozonlar almashtirish yuzasidan “Zarbdortumangaz” gaz ta’minoti filiali va tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan tushuntirish va targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda.
Shuningdek, tumandagi “Nurobot” MFY hududida joylashgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqarolarga yong‘in xavfsizligini ta’minlash va sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha yo‘riqnomalar hamda 2024-2025 yilgi kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish yuzasidan aniq tavsiyalar berildi.
***
Jizzax viloyat soliq boshqarmasida aholi o‘rtasida diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash hamda diniy mutaassiblikka barham berish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, xuquqni muhofaza qiluvchi organdan vakil va boshqarmaning shaxsiy tarkibi hamda onlayn tarzda hududiy soliq inspeksiyalari rahbar va xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda diniy ekstremizm va korrupsiyaga qarshi kurashish o‘ta dolzarb masalalardan ekanligi haqida gapirildi. Shuningdek, unga olib boruvchi yo‘l va omillar haqida ham to‘xtalib, har bir soliq xodimi ogoh, hushyor va e’tiborli bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri