Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Arnasoy tumani g‘allakorlari joriy yilda 8 ming 800 gektar yer maydonida bug‘doy yetishtirib, 21 ming 400 tonna don topshirishni rejalashtirgan.
Tuman dalalarida g‘alla o‘rimi qizg‘in pallaga kirdi. Mavsum boshidan 14 otryadga biriktirilgan 33 ta kombayn operatorlari o‘rimda faol ishtirok etmoqda.

Ayni paytda davlatga g‘alla sotish shartnomaviy rejasini ortig‘i bilan bajarayotgan ilg‘or fermerlar safi kengaymoqda. Kuni kecha tumandagi “Samarqand” suv iste’molchilari uyushmasi hududidagi “Abdumutal Begmatovich”, “Oq buloq” SIUdagi “Dala ne’mati” hamda “Oq qoya bulog‘i” fermer xo‘jaliklari davlatga g‘alla sotish shartnomaviy rejasini ortig‘i bilan bajardi.
– Arnasoy so‘nggi quloq bo‘lganligi sabab bizda suv taqchilligi boshqalarga qaraganda yaqqol seziladi, – deydi “Oq buloq” SIU hududidagi “Oq qoya bulog‘i” fermer xo‘jaligi rahbari Saydazim Qo‘qonov. – O‘tgan yili kuzda yaxshi niyat bilan sochgan urug‘imizga mineral va mahalliy o‘g‘itlarni o‘z vaqtida berib turganimiz, g‘allamizni yomg‘irlatib sug‘organimiz uchun har gektaridan 75 sentnerdan hosil ko‘tarib, davlatga g‘alla topshirish rejasini 116 foizga bajardik.
***
Respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligi Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryo, Toshkent, Namangan va Jizzax viloyatlarida har qanday hosil uchun o‘ta jiddiy zarar yetkazuvchi hasharot – chigirtkalarga qarshi kurash ishlarini zudlik bilan amalga oshirish lozimligi xususida ogohlantirdi.
G‘alla o‘rim yig‘imi qizg‘in borayotgan bir paytda hasharotlar tarqalish imkoni mavjud bo‘lgan joylar aniqlanib, maxsus texnikalar yordamida kimyoviy ishlov berilmoqda. Ayni paytda Jizzax viloyatida ushbu zararkunanda hasharotni yo‘q qilishda barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

***
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori A.Azizov hamda Koreya Respublikasining “Unimed Pharmaceticals” kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda “Unimed Pharmaceticals” kompaniyasi vakillari o‘z faoliyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Ularning O‘zbekistonga tashrifidan maqsad investitsiya kiritish uchun hududlar haqida ma’lumot to‘plash va kelgusida hamkorlikda ishlash ekanligini bildirdi.

Xorijiy kompaniya vakillari “Zomin EIZ” hamda “Tashkent Pharma Park” klasterini borib ko‘rishdi. O‘zbekiston farmatsevtika bozoriga qiziqishi kattaligi va bu yerda zavod qurib investitsiya kiritish rejasi haqida axborot berdi. O‘z navbatida, Agentlik direktori O‘zbekistonda farmatsevtika sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar, investorlar uchun yaratilayotgan imtiyozlar va sharoitlar bilan tanishtirib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga rozi ekanligini bildirib, muzokaralarni kelgusida yangi bosqichda davom ettirishga kelishib oldi.


***
Forish tumanidagi bir qator mahallalarda aholining elektr energiya ta’minotini yaxshilash maqsadida eskirgan elektr energiya tarmoqlari rekonstruksiya qilinib, yangi transformator punktlari o‘rnatilib, elektr havo tarmoqlari tortilmoqda. Bu borada tumanning eng uzoq va chekka hududi bo‘lgan “Garasha” MFY qishloqlarida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, mahallada ayni kunda aholini elektr energiya ta’minotini yaxshilash maqsadida elektr havo tarmoqlariga yangi temir beton tayanchlar o‘rnatish va SIP-2x16 kabellarini tortish ishlari yakunlanmoqda.


***
Jizzax viloyati prokurori I.Ergashxodjayev boshchiligida viloyat barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari tomonidan aholi bilan bevosita va ochiq muloqot qilish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash hamda joyida bartaraf etish maqsadida Zafarobod tumanida navbatdagi ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi.

Unda, jami 104 ta murojaat kelib tushib, shundan 64 ta subsidiya, bank krediti, sud faoliyati bilan bog‘liq, bandlik hamda boshqa ijtimoiy masalalardagi murojaatlar joyida hal etildi. Qolgan murojaatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi nazoratga olindi.
Jismoniy va yuridik shaxslar hamda ularning vakillarining murojaatlarini qabul qilish borasida ommaviy sayyor qabullar davom etmoqda.


A.QAYUMOV, O‘zA