Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zarbdor tumani hokimi Z.Ro‘ziyev 1-sektor hududidagi 9-sonli, tuman prokurori R.Masharipov 2-sektor hududidagi 11-sonli umumta’lim maktablarida o‘quv jarayoni va davomat holatini o‘rgandi.
Shuningdek, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining “Yangi avlod darsliklari”ni o‘zlashtirish, yuqori sinf o‘quvchilarning chet tilini bilish darajalari sinab ko‘rildi hamda bitiruvchi sinf o‘quvchilarining munosib kasb tanlashlari yuzasidan o‘quvchilar bilan suhbatlashildi.
Uchrashuvda o‘qituvchi va mas’ul xodimlarga maktablarda yuzaga kelgan kamchiliklar yuzasidan zaruriy ko‘rsatmalar berildi.


***
Do‘stlik tumani adliya bo‘limining tashabbusi asosida tumandagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim maktabi hamda Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi o‘quvchi-yoshlari ishtirokida “Adliya organlari faoliyatida ochiq eshiklar kuni” tadbiri doirasida uchrashuv o‘tkazildi. Adliya organlari faoliyati yo‘nalishlari, asosiy vazifalari, maqsadlari, vakolatlari bo‘yicha atroflicha tushunchalar berildi. Yoshlarning sohaga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi.


***
Sharof Rashidov tumanining Yangi hayot mahallasida “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari asosida qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borilishi xalqimizning hayotidan rozi bo‘lib yashashi va ertangi kunga ishonchi ortishiga sabab bo‘layotir. Hozir xonadonlarning fasad qismi ta’mirlanib, daraxt shoxlari tartibga keltirilib, taglari oqlanyapti, qurib qolganlari o‘rniga yangi ko‘chatlar o‘tqazilyapti.
Mahallada gaz tarmoqlaridagi nosozliklar ta’mirlanib, xavfsizlik choralari ko‘rilmoqda. Soliq xodimlari yordamida nogironligi mavjud, kam ta’minlangan oilalar uchun zarur bo‘lgan qurilish mahsulotlari peshma-pesh yetkazib berilmoqda.


***
Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i Otabek Musurmonov belgilangan reja asosida yoshlar muammolarini o‘rganish, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida G‘allaorol tumani yoshlari bilan sayyor qabul o‘tkazdi. Sayyor qabulda yoshlardan jami 18 ta murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaatlarning 10 tasi joyida hal etildi, 6 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilib, 2 tasi tegishli tashkilotlarga boshqarma tomonidan yo‘naltirildi.
Faol yoshlar tomonidan bir qator takliflar bildirildi. “Yoshlar daftari” ro‘yxatida bo‘lgan yigit-qizlar o‘zini o‘zi band qilishi maqsadida tikuv mashinalari va boshqa mehnat qurollari bilan ta’minlandi.

***
Qishloq xo‘jaligida ilm-fan yutuqlari, innovatsion texnologiyalarni mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarda joriy qilishni tashkil etish maqsadida Jizzax viloyati Paxtakor innovatsion tumani hokimligi bilan hamkorlikda tuman fermer xo‘jaliklari vakillari uchun Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida seminar tashkil etildi.
Semenar ishtirokchilari mahalliy sabzavot navlari, o‘simliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilishda uyg‘unlashgan usul, organik mahsulot yetishtirish, mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.


A.Qayumov, O‘zA muxbiri