Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zafarobod tumani Axborot-kutubxona markazi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi va Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi hamkorligida buyuk mutafakkir Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda tashkil etilgan tanlovda tumandagi har bir mahalladan 14 nafar ishtirokchi Abu Rayhon Beruniyning hayoti, ijodi haqida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. G‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.


***
Jizzax viloyati prokuraturasida ekspert-kriminalist mutaxassislar ishtirokida o‘quv-amaliy seminar mashg‘uloti o‘tkazildi. “Tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlari mobaynida ekspert- kriminalist mutaxassislar ishtiroki” mavzusida o‘tgan tadbirda viloyat prokuraturasi tergovchilari va tergovga mas’ul tarmoq xodimlari, tuman va shahar prokurorlari o‘rinbosarlari, departament surishtiruv xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan batafsil javoblar oldi.
***
Do‘stlik tumani Bolalar-o‘smirlar sport maktabi zalida “Besh tashabbus” olimpiadasining ikkinchi mavsumi doirasida Ichki ishlar vaziri kubogi uchun sportning voleybol turi bo‘yicha bellashuvining tuman bosqichi o‘tkazildi. Unda tumandagi sektorlarda g‘olib bo‘lgan 16-21 hamda 22-26 yoshli yigit va qizlar jamoalari g‘oliblik uchun bahslashdi.


Erkaklar o‘rtasidagi 16-21 va 22-26 yoshlilar bahsida “Saratepa” MFY jamoalari birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, 16-21 yoshli xotin-qizlar o‘rtasidagi bahsda “Sanoatchilar”, 22-26 yoshlilar orasida “Navro‘z” MFY ayollari yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritib, kubok bahslarining viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi.
***


Forish tuman axborot- kutubxona markazida bo‘lib o‘tgan XII milliy axborot-kutubxona haftaligining ochilish marosimida yosh, iqtidorli ijodkor Adiba Ergasheva bilan ijodiy uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda Forish tumani Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Nodir Soliyev tadbir ishtirokchilarini kitob bayrami bilan tabriklab, yosh ijodkor Adiba Ergasheva ijodiga muvaffaqiyatlar tiladi. Tadbirda Adiba Ergasheva o‘z ijodidan namunalar o‘qib berdi.
***
Joriy yilda G‘allaorol tumani “Xonimqo‘rg‘on” QFY hududida “Agro In vitro” MCHJ tomonidan qiymati 100 milliard so‘mlik “Agro In vitro” laboratoriyasi, zamonaviy issiqxona va muzlatgichli omborxona tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda.


Ushbu loyiha joriy yilning 25 noyabrida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Loyiha amalga oshirilgach, 10 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri