Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Mirzacho‘l tumani hokimi Sherzod Ahmedov mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 12 nafar profilaktika inspektori bilan uchrashdi. Jinoyatchilikning oldini olish, jinoyatlarga sabab bo‘layotgan omillarni bartaraf etish, fuqarolarning amaldagi qonunlarga va tartib-intizomga rioya etishlari yuzasidan profilaktika va tushuntirish ishlarini olib borish, aholining osoyishtaligini saqlashga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda “mahallabay”, “fuqarobay” ishlash tizimining borishi bo‘yicha har bir profilaktika inspektorining hisoboti tinglandi. Shuningdek, profilaktika inspektorlarining olib borayotgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari natijasida jinoyatchilik kamaygan hududlar va aksincha jinoyat ko‘rsatkichi ko‘paygan mahallalardagi vaziyatlar tanqidiy, tahliliy muhokama qilindi.


***
Zafarobod tumani hokimligi qoshida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan tuzilgan tezkor guruh tomonidan aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini issiqlik manbai, elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir ta’minoti bo‘yicha mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Zafarobod tuman gaz ta’minot” bo‘limi xodimlari tomonidan xonadonlarga tabiiy gaz yetkazib berishni bir me’yorda ta’minlash maqsadida Zafarobod gaz taqsimlash stansiyasidan tumanga yo‘naltirilgan gaz quvurlarini ta’mirlash va tartibga keltirish ishlari olib borilmoqda.


***
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi ko‘chat ekish mavsumi Jizzax viloyati Paxtakor tumani “Olmazor” MFY hududida ham boshlab yuborildi. Tashkil etilgan ushbu tadbirda Jizzax viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi, tuman “Obodonlashtirish” boshqarmalari hamda Jizzax “Yo‘lko‘kalam” unitar korxonasi xodimlari faol ishtirok etmoqda. Tadbirda mahallaga 600 tup archa va 200 tup yasen daraxt ko‘chati ekildi. Ko‘chatlar Jizzax va Baxmal o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan yetkazib berilmoqda.
***
Do‘stlik tumanida umumta’lim maktablari yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida diniy aqidaparastlikning oldini olish, terrorizmga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Unda yoshlarning turli yod g‘oyalar ta’siriga tushib qolishi qoralanib, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan tashkil etilayotgan turli tadbir va sport musobaqalarida faol ishtirok etishi lozimligi ta’kidlandi. Tadbir davomida o‘quvchi yoshlar o‘rtasida “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida rasmlar tanlovi ham tashkil etilib, g‘olib va sovrindor, turli nominatsiya sohiblari tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.

***
Baxmal tumani “Mo‘g‘ol” qishloq fuqarolar yig‘inida uyushtirilgan “Uch avlod uchrashuvi” tadbirida 350 nafar mehnat faxriysi, uyushmagan yoshlar va faol yoshlar yetakchilari ishtirok etdi.
Uchrashuvda qatnashgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi U.Muhammadiyev “Mo‘g‘ol” QFYda “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” dasturi asosida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga yuqori baho berdi.Tadbirda ishtirok etayotgan uch avlod vakillarining faolligini alohida ta’kidladi.


A.Qayumov, O‘zA muxbiri.