Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax viloyati prokurori Islomjon Ergashxo‘jayev hamda viloyat IIB boshlig‘i, general mayor G‘ayrat Qodirov boshchiligida tungi vaqtda Sharof Rashidov, Paxtakor va Do‘stlik tumanlarida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan tadbirlar, tungi guruhlarga jalb qilingan kuch va vositalarining taqsimoti o‘rganildi. Har bir mahallada aholining ijtimoiy muammolarini aniqlash va hal etishga qaratilgan jinoyatlarning ijtimoiy profilaktikasini amalga oshirish ahvoli muhokama qilinib, tegishli tavsiyalar berildi.

***
Paxtakor tumani mahalla fuqarolar yig‘inida “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish, fuqarolar ma’naviyatini, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish bo‘yicha targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Jizzax viloyati bo‘limi rahbari I.Umarova tomonidan “Olmazor” MFY va tuman tibbiyot birlashmasiga “Ma’naviy hayot targ‘iboti”ga doir ko‘rgazma materiallari topshirildi. Shundan so‘ng targ‘ibot tadbirlari “Olmazor” mahallasi Qatorbog‘ ko‘chasi 3/2 uyda istiqomat qiluvchi Rasulov xonadonida tashkil etildi.

***
“Jasorat maktabi”ning 4-mavsumiga start berilib, viloyatning barcha tuman va shaharlaridan uyushmagan hamda profilaktik ro‘yxatda turuvchi 100 nafar yosh jalb etildi. 10 kun davomida ushbu jasorat maktabida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bilan bir qatorda ularning qiziqishlaridan kelib chiqib, turli kasb va hunar treninglari taqdimoti o‘tkaziladi.


***
Viloyatdagi “103” xizmatlariga 100 ta “Volkswagyen Caddy” tez tibbiy yordam avtomashinasi topshirildi. Shu munosabat bilan o‘tgan tadbirda Jizzaxda ishlab chiqarilayotgan ushbu zamonaviy mashina tibbiy yordam ko‘rsatish talablariga to‘la javob berishi, unda bemorlar, tibbiyot xodimlari va haydovchilar uchun barcha zarur qulaylik yaratilgani ta’kidlandi. Shuningdek, zamonaviy avtotransport vositalari Respublika tez tibbiy yordam markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlari filiallariga taqsimlanib, ushbu hududlarga yetkazib berilishi boshlandi.

***
Do‘stlik tumani dalalarida paxta terimi avjiga chiqib, yetishtirilgan hosilning asosiy qismi texnikalar kuchi bilan terilayotgan bo‘lsada, kunlik sur’atda hasharchilarning ham hissasi katta bo‘lmoqda. Shu sababli bugun tumandagi fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmalari dalalarida terimchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlash maqsadida navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Shavkat Darvishev, sektor rahbarlari, viloyat tashkilotlaridan vakillari va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi. Tuman hokimi barcha hasharchilarning terimdagi faol ishtirokini yuqori baholab, ularga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, bir guruh ilg‘or terimchilar sektor rahbarlari tomonidan qimmatbaho va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

A.Qayumov,
O‘zA muxbiri.