Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Arnasoy tumanida jami 57 ming 968 ta, shundan 12 ming 603 ta ko‘p qavatli va 45 ming 138 ta hovli-joy xonadonlarining gaz jihozlariga profilaktik xizmat hamda 69 ming 27 ta, shulardan 15 ming 495 ta ko‘p qavatli, 53 ming 267 ta xususiy xonadonlardagi gaz jihozlariga texnik ko‘rik xizmatlari ko‘rsatildi.

Jumladan, tumandagi mavjud 2 ming 592 ta iste’molchiga joriy yilning o‘tgan davrida 571 ta xonadon, shundan 303 tasi ko‘p qavatli va 298 tasi hovli-joy profilaktik ko‘rikdan o‘tkazildi.
***
Jizzax shahrida Savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyati boshqarmasi, AT “Asakabank” Jizzax viloyati filiali, Jizzax shahar “Ishga marhamat!” monomarkazi xodimlari tomonidan markazda tahsil olayotgan yoshlar va xotin-qizlarga “Tadbirkorlik faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolar” yuzasidan o‘quv-seminar o‘tkazildi.

Unda Savdo-sanoat palatasining “Biznesga o‘qitish” bo‘limi xodimi M.Ortiqova hamda “Asakabank” filiali xodimi A.Donishevlar tomonidan tadbirkorlar faoliyati davomida kredit va subsidiya olishda yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish yo‘llari yuzasidan atroflicha tushunchalar berildi.
***
Mustaqillikning 32 yilligi arafasida Zomin tumanida istiqomat qiluvchi nogironligi bo‘lgan oilalar holidan xabar olinib, ularning muammolari o‘rganilmoqda.

Jumladan, bugun Zomin shahrida Oila va xotin qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Zomin tumani hokimi o‘rinbosari N.Omonova boshchiligida imkoniyati cheklangan ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarga 4 dona nogironlik aravachasi hamda 1 dona eshitish moslamasi topshirildi.
Bu xayrli ish – tumanning boshqa hududlarida ham belgilangan jadval asosida amalga oshirilmoqda.
***
Eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va eksport salohiyatini oshirishga doir ishlarni tashkil qilish bo‘yicha navbatdagi o‘rganish ishlari Savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyati boshqarmasi “Tadbirkorlik sub’ektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatiga ko‘maklashish” bo‘limi tomonidan Paxtakor tumanidagi havo yigiruv usulida paxta kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “PAXTAKOR GOLD TEXTILE” korxonasi faoliyati o‘rganildi.

Palata xodimlari tomonidan hozirda eksportyorlar uchun yaratilayotgan yengilliklar va afzalliklar bo‘yicha tushunchalar berilib, kelgusida hamkorlikda ishlash bo‘yicha kelishib olindi.
***
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Yangiobod tuman bo‘linmasi tomonidan Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi bilan hamkorlikda Xo‘jamushkent chegara postidagi “n” harbiy qism ofitser va serjantlari ishtirokida “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Ushbu tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlab “Vatan sevgisi – iymon belgisi” mavzusida Respublika ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot guruhi a’zolari bilan ijodiy uchrashuv tashkil etildi.
***
Zafarobod tuman sudi tomonidan hududidagi qizil toifaga kiritilgan “Bo‘ston” MFYda jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Jizzax viloyati sudining sudyasi Shuhrat Xudoyorov, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi Jo‘rabek Bahromovlar jinoyatchilikni oldini olish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda aholi hamkorligini mustahkamlash yuzasidan so‘z yuritdi.
Tadbir so‘ngida aholini qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA