Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Forish tumani hududidagi “Qizilqum” mahalla fuqarolar yig‘inida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yoshlar bog‘i” barpo etilishi belgilangan.
Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi tashabbusi bilan “Qizilqum” MFYda barpo etilayotgan ushbu bo‘lajak bog‘ hududida hashar o‘tkazilib, yoshlar kuchi bilan 200 tupdan ortiq turli mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Yoshlar ishlari agentligining ushbu tashabbusi tumanning boshqa barcha mahallalarida ham qo‘llab-quvvatlandi. Bo‘sh yerlarga, yo‘l va soy chetlariga tashabbuskor forishlik yoshlar tomonidan mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.

Mirzacho‘l tumani oila va xotin-qizlar hamda adliya bo‘limlari tomonidan hududdagi barcha 12 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi xotin-qizlar faollari uchun “Konstitutsiyaviy islohot jarayoni” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Unda tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Aziz Aminov tomonidan mamlakatimizda joriy yilning 30 aprelida o‘tkazilishi belgilangan umumxalq referendumi va uni o‘tkazish tartibi haqida batafsil ma’lumotlar berildi va konstitutsiyaviy islohot jarayonida yanada faol qatnashishga chaqirdi.

Arnasoy tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i X.Umurov 4-sektor hududidagi mahalla fuqarolar yig‘ini “beshligi” bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Jumladan, u tumandagi “Bo‘ston” MFY raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi va profilaktika inspektori bilan uchrashib, ularning ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuvda ishsiz fuqarolarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikka jalb qilish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida turli sport va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etish, xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik holatlari sodir etilishining oldini olish masalalari muhokama qilindi.

Do‘stlik tumanidagi band bo‘lmagan fuqarolarni ish bilan ta’minlash maqsadida ochiq auksion orqali har bir ishsiz fuqaroga mehnat qilish imkoniyatiga qarab 0,5 gektardan yer maydoni ajratish ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, tumandagi “Sanoatchilar” MFYda ishsiz aholi bandligini ta’minlash maqsadida ajratilgan 50 sotixdan yer maydonlarida ko‘klamgi yumshatish va ekish ishlari boshlab yuborildi. Ushbu yer maydonlariga “Bir kunda bir tur mahsulot” tamoyiliga amal qilgan holda qovun, tarvuz, oshqovoq, kunjut va boshqa shu kabi ekinlar ekilmoqda.

Zomin tumani G‘afur G‘ulom nomli mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi 80 yoshdan oshgan 17 nafar fuqaro holati va muammolari tuman pensiya jamg‘armasi, sog‘liqni saqlash bo‘limi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganilib, barchalariga kerakli huquqiy, tibbiy va boshqa zarur yordamlar ko‘rsatildi.
Ayniqsa, yurak muammolari bilan bog‘liq operatsiyalar ijobiy hal etilayotganidan nuroniylar behad minnatdor. Yurak bilan bog‘liq jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan otaxon va onaxonlar duoga qo‘l ochib, ana shunday ezgu ishlar ro‘yobga chiqarishda bosh-qosh bo‘layotgan Prezidentimiz va hukumat rahbariyatidan minnatdor.

A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA