Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Arnasoyda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 18 yanvardagi “Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tanlovning tuman bosqichiga 31 nafar talabgorlardan onlayn tartibda arizalar qabul qilingan edi.
Ushbu respublika ko‘rik-tanlovi ishtirokchilari o‘zlari taklif etgan loyihalarni hakamlar hay’atiga taqdim etdi. Yakuniy xulosalarga ko‘ra, 2 nafar nomzod g‘olib deb topilib, viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

***
Do‘stlik tumanida ishsiz fuqarolarni ish bilan ta’minlash, kam daromadli oilalarni turmush sharoitini yaxshilash maqsadida dehqonchilik uchun auksion asosida yer maydoni ajratib berilmoqda.
Jumladan, “Saritepa” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 70 nafar band bo‘lmagan yoshlar auksionda g‘olib deb topilib, shu hududdagi “Zarbuloq”, “Sariyuzi yuzlari”, “Islombek Doniyor”, “Farxod AN”, “Erkin-3”, “Betakror himoya”, “Mirzabek Ungar”, “O‘lmas Davlat” kabi fermer xo‘jaliklari dalasidan 35 gektar yer ajratib berildi.

***
Forish tumani 1-sektor hududidagi Amir Temur nomli mahalla fuqarolar yig‘inida aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash maqsadida umumiy uzunligi 21 kilometr bo‘lgan suv tarmog‘i tortilmoqda, bundan tashqari, hududda 5 ta suv inshooti ham bunyod etiladi.
Ushbu ichimlik suv tarmog‘ini bunyod etish uchun “Suv ta’minot va oqava suv ob’ektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi” unitar korxonasi Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi bosh pudratchi etib tayinlangan. Izchillik bilan olib borilayotgan qurilish ishlarini esa “Sarvinoz lyuks trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari amalga oshirishmoqda.

***
Paxtakor tumani 4-sektori rahbari U.Safarov "Do‘stlik" MFY hokim yordamchisi, yoshlar yetakchilari, mahalla xotin-qizlar faollari va “beshlik”ning boshqa a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda aholi xonadonlarini obodonlashtirish, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” dagi ro‘yxatda turganlar bo‘yicha berilayotgan amaliy yordamlar to‘g‘risida suhbat o‘tkazib, shu masala bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.

***
Yangiobod tumanida “Yashil makon” umummilliy tadbirlari doirasida barcha mahallalarda mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, yashil hududlar kengaytirilmoqda.
Jumladan, tumandagi “Havotog‘” qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi Qo‘shqand qishlog‘ida ham “Yoshlar bog‘i” tashkil etish ishlari avji pallada olib borilmoqda. 10 gektar maydonda tashkil etilayotgan ushbu boqqa yoshlar hamda soha mutaxassislari ishtirokida tok va boshqa mevali hamda manzarali daraxt ko‘chatlari ekilmoqda.

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA