Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Mirzacho‘l tumanida Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari L.Ahmadjonov boshchiligida targ‘ibot guruhi a’zolari bilan birgalikda “Diniy ekstremizm va terrorizm, giyohvandlik – jamiyat taraqqiyotiga tahdid” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘quvchi yoshlar ishtirok etgan ma’naviy-tarbiyaviy tadbirda giyohvandlik, terrorizm, diniy ekstremizmga, ya’ni jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish lozimligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida belgilangan dasturga asosan namoyish etilgan “Terrorizm xuruji yoxud soxta da’volar” nomli hujjatli film ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Forish tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i S.Hafizov sektor hududidagi “Osmonsoy” MFY ma’muriy binosida MFY raislari, mahallalarga tayinlangan hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari bilan 2023 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan suhbat o‘tkazdi.
Sektor rahbari suhbat davomida mahalladagi kam ta’minlangan ehtiyojmand oilalarni “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” ga kiritish, mahallalardagi mavjud ishsizlarning bandligini ta’minlash maqsadida subsidiya va kredit mablag‘lari ajratish, tomorqalardan unumli foydalanish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.

Yangiobod tumani hokimi Ibrohim Qarshiboyev qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, faollari va yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Jumladan, “Sarmich” MFYda o‘tkazilgan muloqotda tuman hokimi hududda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar, tashkil etilayotgan yangi ish o‘rinlari, aholi va yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlar xususida suhbatlashdi.
Shuningdek, tadbirkorlik istagida bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va bu boradagi imtiyozlar, bank kreditlari bo‘yicha yangiliklar, yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, bandligini ta’minlash maqsadida ijara shartnomasi asosida aholiga yer ajratish, muqobil energiya manbalaridan foydalanish va uning afzalliklari, joriy yilda mahalla infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha qilinadigan ishlar hamda shu kabi yangiliklar yuzasidan aholi va yoshlarga tushuntirishlar berildi.

Do‘stlik tumani obodonlashtirish boshqarmasi ishchi-xodimlari tomonidan yog‘ingarchilik tufayli yig‘ilib qolgan suvlarni chiqarish ishlari olib borilmoqda.
Xususan, bugungi kunda tuman markazidagi “Do‘stlik” ko‘chasi, “Chinobod” MFY hududida joylashgan barak tipidagi uylar atroflari, “Sanoatchilar” MFY hududidagi “Sanoatchilar” ko‘chasi hamda tuman “Dehqon bozori” atrofida to‘planib qolgan suvlar chiqarib tashlanmoqda. Bu ishlarga boshqarmaning 3 ta maxsus texnika hamda 40 nafar ishchi jalb qilingan. Bundan tashqari, tuman markaziy ko‘chalarida maishiy chiqindilarni tozalash va obodonlashtirish uchun haq to‘lanadigan jamoatchilik ishi bo‘yicha 70 nafar ayol ham ish olib bormoqda.

Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda fuqarolar uy-joy bilan ta’minlash, uy-joylarni ta’mirlashda ko‘maklashish, ichimlik suv bilan ta’minlash, bola puli, moddiy va tibbiy yordam berish masalalari bo‘yicha murojaat qildi.
Murojaatchilar tomonidan ko‘tarilgan masalalarning 30 foizi shu joyning o‘zida ijobiy hal qilindi. 10 foiziga huquqiy tushunchalar berildi. Qolgan masalalarda amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tegishli mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berildi.

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA