Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zomin tumanidagi barcha mahallalarda sektor rahbarlari boshchiligida aholi xonadonlari va ijtimoiy ob’ektlarni o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Jumladan, tumandagi 2-sektor hududida ishchi guruh a’zolari va sektor mas’ullari ishtirokida aholi kayfiyatiga ta’sir etuvchi, ayniqsa, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlarida energiya resurslari ta’minoti, oziq-ovqat xavfsizligi, gaz va boshqa isitish vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalari va boshqa masalalar yuzasidan uyma-uy yurgan holda o‘rganishlar o‘tkazildi.

Zomin tumani IIBda muammoli vaziyatlarni tezkor va odilona hal qilish, osoyishtalikni saqlash bo‘yicha tashkil etilgan shtab a’zolari bilan kunlik yo‘riqnoma o‘tkazildi.

Qish mavsumini betalafot o‘tkazish, aholi xonadonlaridagi va ijtimoiy soha ob’ektlaridagi dolzarb muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, energiya samaradorligini, savdo rastalaridagi narx-navolar barqarorligini ta’minlash, shuningdek, ob-havoning anomal sovub ketishiga tayyorgarliklar, jumladan, ko‘mirga ehtiyoji bo‘lgan aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlari ehtiyojini qondirish bo‘yicha shtab a’zolariga zaruriy ko‘rsatmalar berildi.

Sharof Rashidov tumani “Toqchilik” mahallasida joylashgan narkologiya dispanseridagi vaziyat tuman IIB boshlig‘i podpolkovnik A.Muratov va viloyat IIB JXX JTSB boshlig‘i podpolkovnik H.Salayev tomonidan borib o‘rganildi.

O‘rganish davomida bir qator kamchiliklar mavjudligi aniqlanib, muammolarni tizimli ravishda hal etish va zudlik bilan bartaraf etish chora-tadbirlari belgilandi.

Mirzacho‘l tuman 1-sektor rahbari, tuman hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi M.Mallayev, tuman IIB boshlig‘i J.Karimov, tumandagi Prezident Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri I.Nurmanov boshchiligidagi tuman tashkilot rahbarlaridan iborat ishchi guruhi “Ipak yo‘li” QFYda xonadonma-xonadon yurib, qish mavsumini betalafot o‘tkazish, aholi kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi hodisalarning oldini olish, mavsumni energo resurslar bilan sifatli ta’minlash, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, narx-navoning barqarorligini ta’minlash, aholi turar joylarida is gazidan zaharlanish va boshqa noxush holatlarning oldini olish, shuningdek, nojo‘ya ta’sirga ega dori vositalari iste’molining oldini olish yuzasidan tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borildi.
Aholi murojaatlari tinglanib, ularga yechim topilib, ko‘tarilgan masalalar joyida bartaraf etildi, qolgan muammolarni hal etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilanib, mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i D.Ahmedov, viloyat prokurori o‘rinbosari T.Xudoyberdiyev, tuman prokurori S.Razzoqov va boshqa mutasaddi idora rahbarlari birgalikda, qish mavsumini betalafot o‘tkazish, aholi xonadonlaridagi va ijtimoiy soha ob’ektlaridagi dolzarb muammolarni o‘z vaqtida yechish, energiya samaradorligi, narx navolar barqarorligi, jamoat transporti xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha G‘allaorol tumanida muammolarni o‘rgandi.
O‘rganish jarayonida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, tumanda tashkil etilgan ishchi guruh shtabi faoliyati o‘rganildi.

Zarbdor tuman prokurori, 2-sektor rahbari R.Masharipov sektor hududidagi “Sutbuloq” qishlog‘idagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar oldi va ularning murojaatlarini tingladi. Ehtiyojmandlarga ko‘mir yetkazib berildi.
Bartaraf etilishi vaqt talab etgan murojaat va takliflar bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriq va vazifalar yuklatildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA