Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish orqali ularning ma’naviy-siyosiy ongini yuksaltirish, yozuvchi, adib va mutafakkirlarning adabiy merosini, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, shuningdek, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligining 2022 yil 19 oktyabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Yosh kitobxon” tanlovini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori ijrosini ta’minlash maqsadida G‘allaorol tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Yosh kitobxon tanlovi”ning tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda tanlovning quyi mahalla va sektorlar bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 1 ming 94 nafar o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Jizzax viloyatida 29 million 700 ming AQSH dollari qiymatidagi 66 ming 900 tonnadan ziyod meva-sabzavot eksport qilindi. Bu o‘tgan 2021 yilning mos davriga nisbatan 19,3 foizga ko‘pdir.
Joriy yilning yanvar–sentyabr oylari davomida meva-sabzavot mahsulotlari jami eksportning 20 foizini tashkil etdi. Ushbu meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy eksport bozorlari Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Xitoy Xalq Respublikasi hamda Pokiston davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Prezidentimizning joriy yil 16 maydagi “Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasi Forish tumanidagi qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, xotin-qizlar faollari, patronaj hamshiralar ishtirokida tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi hamda ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika vrachlari virusli infeksiyalar, jumladan, gepatit turlari, koronavirus, Qrim-Kongo virusi, qutirish kasalligini oldini olish yuzasidan yig‘ilish qatnashchilariga batafsil ma’lumot, tavsiya va tushunchalar berdi.

“ARNASOY GOLD TEX” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tuman adliya bo‘limi va davlat xizmatlari markazi xodimlari hamkorligida sayyor xizmat tashkil etildi.
Haftaning so‘ngi ish kuni bo‘lishiga qaramay ushbu MCHJdagi sayyor tartibda davlat xizmatlari ko‘rsatildi hamda adliya bo‘limi xodimlari tomonidan fuqarolarni qiynab kelayotgan savollarga huquqiy maslahatlar berildi.

Prezident talim muassasalari Agentligi tizimidagi Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani ixtisoslashtrilgan maktabi va “Jizzax Kyentyeks” MCHJ o‘rtasida memorandum imzolandi.
Bundan ko‘zlangan maqsad kadrlar tayyorlash va ilm-fan natijalaridan foydalanishda ta’lim va ishlab chiqarish sohalari o‘rtasida o‘zaro yaqin muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Jizzax shahar hokimi K.Xolmurodov, shahar hokimining investitsiyalar va tashqi savdo bo‘yicha o‘rinbosari X.Xolmamatov hamda Turkiyaning “D&B Masters” kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Jizzah shahrida barpo etiladigan “Tyexnopark” loyihasi yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Baxmal tumanida istiqomat qiluvchi 15 nafar chin yetim bolalarga maishiy texnika, sport jihozlari, o‘quv-inventarlari tuhfa qilindi.

Tuman hokimi, bolalar masalalari bo‘yicha komissiya raisi M.Anorboyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati F.Nigmatova hamda tuman komissiyasi a’zolari ishtirokida viloyat hokimligi huzurida tashkil etilgan “Mehr daftari” jamg‘armasi hisobidan tumandagi yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning 15 nafariga 70 million 500 ming so‘mlik turli jihozlar tuhfa etildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA