Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zomin tumani “Duoba” qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi 36- umumta’lim maktabida “Uch avlod uchrashuvi” madaniy-ma’rifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston qirg‘iz madaniyat markazi, viloyat, tuman hokimliklari, xalq ta’limi tizimi mutasaddilari tomonidan “O‘zbekiston umumiy uyimiz” shiora ostida tashkil etildi.

Ushbu “Uch avlod uchrashuvi”da nuroniy otaxon va onaxonlar qirg‘iz millatining milliy urf-odatlari, an’analari haqida hikoya qilib bergan bo‘lsa, o‘rta avlod vakillari qirg‘iz chorvadorlari o‘tovlari va undagi sharoitlarni amalda yaratib berdi. O‘zbekiston qirg‘iz madaniyat markazi qoshida tashkil etilgan badiiy jamoa yoshlari qirg‘iz xalq ashula va raqslaridan, xalq o‘yinlaridan namunalar namoyish etdi.

Mirzacho‘l tumanidagi “Toshkent” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarshli “Hazratovul” qishlog‘ida aholini sifatli tibbiy xizmat bilan ta’minlash va ularga qulaylik yaratish maqsadida konteynerdan qulay jihozlangan tibbiyot punkti tashkil etildi.
Shu kungacha qishloqcha aholisi tibbiy xizmatdan foydalanishda muammolarga duch kelib, hatto bolalarni emlatish va tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yozning jazirama issig‘i, qishning qirovli sovug‘ida ham uzoq masofani bosib o‘tishga majbur bo‘lar edi.
Endilikda bu muammo bartaraf etilib, tumanning eng chekka qishloq va mahallalarda konteynerlardan tibbiy yordam ko‘rsatish maskanlari konteynerlardan shinam, qulay qilib barpo etilmoqda.

Aholi bilan doimiy muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishning samarali mexanizmi va usullari joriy etilgani mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Zafarobod tumani hokimi O‘tkirbek Raxmanov “Birlik” qishloq fuqarolar yig‘ini aholisi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda fuqarolar tomonidan elektr tarmoqlarini yaxshilash yuzasidan murojaat kelib tushgan edi. Ayni paytda tuman hokimi tashabbusi va shaxsiy nazorati ostida “Birlik”dagi elektr tarmoqlari tamirlanish ishlari oxiriga yetkazilmoqda.

Sharof Rashidov tumanida jizzaxlik iqtidorli shoira va tarjimon Shahlo Axrorova bilan yoshlar o‘rtasida ijodiy uchrashuv tashkil etildi.
Iqtidorli ijodkor bosib o‘tgan ijodiy faoliyati haqida yig‘ilganlarga gapirib, yangi ijod namunalaridan o‘qib berdi va o‘z qalamiga mansub kitoblar jamlamasini kutubxonaga taqdim etdi.
Shu kuni shoira “Ona tilim – onamdek aziz!” shiori ostida tuman hokimligi, ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi hamda tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida hamkorlikda tashkil etilgan O‘zbek tili bayramida ham ishtirok etdi.

Forish tumani hokimi Ikrom Matiyev Xitoyga Forish tumanida yetishtirilayotgan mayiz va yong‘oq mahsulotlarini eksport qilish yuzasidan Chin yurti investorlari bilan muloqot olib bordi.
Forishlik mirishkorlar tomonidan yetishtirilayotgan qora soyaki, sariq kishmish kabi mayizlarning mazasi, yong‘oqning yog‘lilik darajasi har qanday kishini o‘ziga tortadi. Muloqot davomida xitoylik investorlar Forish zaminida yetishtirilayotgan mayiz va yong‘oqni tatib ko‘rib, ushbu mahsulotlarga juda yuqori baho berdilar va mazkur mahsulotlar eksporti xususida kelishib olindi.

Baxmal tumani hokimligi xotin-qizlar bo‘limi, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi va tuman madaniyat bo‘limi hamkorligida “Mahallada duv-duv gap” ma’naviy-madaniy tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir davomida madaniyat bo‘limi qoshidagi “Barlos” folklor etnografik xalq ansanbli hamda “Oqtosh” bolalar folklor jamoasining konsert dasturi tomoshabinlarga manzur bo‘ldi.
Tadbir yakunida ko‘p yillik hayotiy tajribaga ega, yoshlarga ibrat bo‘lib kelayotgan nuroniy otaxon va onaxonlar tuman hokimligi tomonidan “Jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari kutubxonasi”dan joy olgan eng sara badiiy asarlar sovg‘a qilindi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA