Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Forish tuman hokimi Ikrom Matiyevning navbatdagi sayyor qabulida 21 nafar fuqar omoddiy yordam, davolanish uchun ko‘mak, ish bilan ta’minlash, uy-joy ta’minoti, kontrakt to‘lovlari kabi 21 ta masala yuzasidan murojaat qildi.
Unda aholi tomonidan bildirilgan murojaatlarning 13 tasi tegishli korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlari tomonidan joyida ijobiy hal etildi. Qolgan 8 ta murojaat bo‘yicha tegishli tashkilotlarga topshiriqlar berilib, ijrosi hokim nazoratiga olindi.
* * *
Arnasoy tuman ichki ishlar bo‘limida “Yashil makon” umummilliy harakati yuzasidan o‘tkazilgan “Ma’naviyat soati”da Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, O‘zbekiston Ekalogiya partiyasi Arnasoy tuman tashkiloti rahbar va faollari, IIB xodimlari ishtirok etdi.

Unda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy yil 1 martidan butun mamlakatimiz bo‘ylab boshlangan “Yashil yillik” umummilliy tadbirida har bir fuqaro faol bo‘lishi lozimligi qayd etildi.
* * *
Zarbdor tumanida tashkil etilgan “Loyiha guruhi” a’zolarining navbatdagi ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Unda guruh a’zolari tomonidan yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlarni o‘zlashirish yuzasidan belgilangan reja-prognozlarini o‘z vaqtida bajarish lozimldigi, 2022-2024 yillarda mo‘ljallangan hududiy investitsiya dasturi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarda yuzaga kelayotgan elektr energiyasi, tabiiy gaz, soliq va kadastr sohalariga oid muammolarni hal etish yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek,boshlanadigan haftada “Loyiha guruhi” a’zolari tomonidan amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan reja va maqsadlar kelishib olindi.
* * *
Rossiya Federatsiyasining Suzdal shahrida joriy yil 7-11 mart kunlari sportning O‘zbek jang san’ati turi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan xalqaro musoboqada 2004 yilda Jizzax shahrida tug‘ilgan Dilafro‘z Abdullayeva 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Ushbu sport turi bilan 8 yoshidan beri shug‘ullanib kelayotgan Dilafro‘z ayni paytda, Jizzax shahar bolalar-o‘smirlar sport maktabi murabbiylaridan saboq olmoqda.
Nufuzli xalqaro musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritib, o‘z yurtiga qaytgan Dilafro‘z Abdullayevani Jizzax shahar hokimligi, sport ishlari bo‘limi va chempionning yaqinlari kutib oldi.
* * *
Umumiy o‘rta ta’lim va kasbiy ta’limni rivojlantirish maktablari o‘quvchilaridan tashkil topgan “Yosh qutqaruvchi ko‘ngillilar” klublari o‘rtasidagi respublika musobaqasining Sharof Rashidov tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Ishtirokchilar to‘rt bosqichda, ya’ni “Favqulodda vaziyatlar vazirligi yo‘nalishi bo‘yicha savol javoblar”, “Jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish”, “Arqon yordamida balandlikka ko‘tarilish va tushish” hamda “To‘siqlar osha sakrash estafetasi”da hududiy bosqich g‘olibi bo‘lgan 20 jamoaning har birida 8 nafardan yosh qutqaruvchi g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA