Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Yangiobod tumanida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular qalbida ona Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirish hamda bo‘sh vaqtlarini samarali va mazmunli o‘tkazish maqsadida tumanning chegara oldi hududi “Havotog‘”qishloq fuqarolar yig‘inidagi “n” harbiy qismga qarashli chegara qo‘riqlash vzvodida harbiylar va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi.
Tadbirda yoshlar harbiylarning hayot tarzi va ular uchun yaratib berilgan shart-sharoitlar, harbiy texnikalar, qurol-aslahalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

* * *
Forish tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i, Yorqin Jonadilov o‘zi rahbarlik qilayotgan 4-sektor hududi fuqarolari uchun sayyor qabul o‘tkazdi.
Unda aholining bir qancha muammolariga yechim topildi. Qabulda ishtirok etgan 24 nafar fuqaro tomonidan 15 ta murojaat ko‘tarilib, ular asosan ish bilan ta’minlash, nafaqa tayinlash, moddiy yordam ko‘rsatish, davolanishda ko‘maklashish, soliq imtiyozlaridan foydalanish masalalarida bo‘ldi.
Mazkur murojaatlarning 9 tasi joyida hal qilingan bo‘lsa, 4 nafar murojaatchiga huquqiy ma’lumotlar berildi va 2 ta murojaat ijobiy hal etilishi yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatilib, ijrosi nazoratga olindi.
* * *
Yangiobod tumani “Shodlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 2-sonli umumta’lim maktabida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga qaratilgan tadbirlar doirasida yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularni sport sohasidagi salohiyatlarini namoyish etishlariga ko‘maklashish, rag‘batlantirish maqsadida sportning bir qator yo‘nalishlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.
Tuman hokimligi, xalq ta’limi, turizm va sport hamda Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limlari hamkorligida tashkil etgan ushbu musobaqalarda yoshlar voleybol, stol tennisi, shaxmat, shashka kabi sport turlari bo‘yicha o‘z kuch va salohiyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
Shuningdek, mahalladagi otchopar yaylovda ot sportni aholi orasida keng targ‘ib etish maqsadida – “Har bir yigitning uyda oti bo‘lsin” shiori ostida tashkil etilgan ko‘pkari bellashuvi ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘ldi.

* * *
Zomin tumani 3-sektor xududidagi Ulug‘bek mahalla fuqarolar yig‘inida shu sektor rahbari, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i F.To‘ychiyev mahalla yoshlari bilan uchrashdi.
Unda yoshlar tomonidan 7 ta murojaat va taklif berildi. Uning 5 tasi joyida hal etilib, 1 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat berildi. 1 ta murojaat esa o‘rganish vaqt talab qilganligi sababli, mutasaddilarga yo‘naltirildi.

* * *
Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sharof Rashidov tuman bo‘linmasi qoshida “Turon” yosh ijodkorlar klubi tashkil etildi.
Klub unga a’zo bo‘lgan yoshlarning ijodiy faoliyatlarini kengaytirishiga xizmat qiladi va ijod namunalarini kitob shaklida nashrga tayyorlaydi.


A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA