Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Forishda Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, madaniyat, Yoshlar ishlari agentligi bo‘limlari, Yoshlar ittifoqi tuman kengashi hamkorligida “Kelajak egalari” deb nomlangan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etdi.
Unda “Bog‘don”, “O‘zbekiston”, “Qo‘lba”, Oybek va Amir Temur nomli mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi yoshlar ishtirok etdi.
Unda tuman madaniyat markazi badiiy havaskorlik jamoalari – “Parvoz” va “Tog‘ shalolasi” ashula va raqs xalq ansambllari ijrosida konsert dasturi namoyish etildi.
* * *
Jizzax viloyatining har bir shahar va tumanlarida aholini joriy yil may oyiga qadar go‘sht, tuxum, un, yog‘, shakar, guruch, kartoshka, sabzi va piyozga bo‘lgan ehtiyoji, bu mahsulotlarni qachon, qayerdan olishi bo‘yicha aniq hisob-kitob bo‘lishiga e’tibor qaratilmoqda.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha viloyatning har bir hududida alohida jamg‘armalar tashkil etiladi.
Zomin tumanida aholini xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talablarini qondirish, zaxira mahsulotlari bazasini mustahkamlash, bozorlardagi narx-navo barqarorligini doimiy nazoratga olish maqsadida tuman hokimligi, prokuratura, ichki ishlar, soliq va boshqa mutasaddi tashkilotlardan iborat maxsus guruh dehqon bozorlari va savdo majmualari faoliyatini muntazam nazorat qilib bormoqda.
* * *
“Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” munosabati bilan aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida G‘allaorol tumanidagi tibbiyot muassasalarining holatiga, u yerda bemorlarning davolanishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganilmoqda.

Tumandagi Marjonbuloq shaharchasida joylashgan oilaviy shifokorlik punkti tubdan kapital rekonstruksiya qilinib, o‘z faoliyatini boshladi.
Bu yerda bemorlarning statsionar davolanishlari uchun barcha qulayliklar mujassam.
* * *
Jizzax viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari o‘rtasida saf ko‘rigi va saf tayyorgarligi mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Viloyat YHXB tomonidan boshqarma xodimlariga xizmatni tashkil etish tartibi, qonunchilikka rioya qilish, fuqarolar bilan xushmuomala bo‘lish hamda aholi, yoshlar ayniqsa, bolalarga harakat xavfsizligi qoidalari yuzasidan profilaktik tadbirlar o‘tkazishda izchillikni ta’minlash yuzasidan yo‘riqnoma berildi.
* * *
Mirzacho‘l tumanida o‘quvchilarning qishki ta’til kunlarini mazmunli tashkil etish maqsadida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, shoular, turli sport musobaqalari, rassomchilik, san’at va kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etilayotir.

Tuman hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi, turizm va sport, xalq ta’limi bo‘limlari, Yoshlar ittifoqi tuman kengashi va bir qator tashkilotlar hamkorligida umumta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida sportning basketbol turidan tuman birinchiligi musobaqasi o‘tkazilgan bo‘lsa, madaniyat markazida iqtidorli yoshlar bilan mahalliy shoir, yozuvchi va jurnalistlarning ijodiy uchrashuvi tashkil etildi.
* * *
Yangiobodda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” munosabati bilan tuman hokimligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, xalq ta’limi, Yoshlar ishlari agentligi, madaniyat, turizm va sport bo‘limlari hamkorligida o‘quvchilarning qishki ta’tili va uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida “Besh tashabbus” tadbiri o‘tkazildi.
Unda umuta’lim maktablari qoshida tashkil etilgan to‘garaklarda tarbiyalanayotgan o‘quvchi-yoshlar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus bo‘yicha ustozlaridan olgan saboqlarini namoyish etdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA