Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax shahrida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Jizzax viloyati bo‘limi tomonidan tashkil etilgan “Yilning eng faol ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi” hamda “Yilning eng faol ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari” tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Ushbu tanlovda Zomin tumani halq ta’limi bo‘limiga qarashli 16-sonli umumta’lim maktabining ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi Dilbar Danaboyeva g‘oliblikni qo‘lga kiritib, I-darajali diplom bilan, shu tumandagi 44-sonli umumta’lim maktabining ma’naviy ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, faol kreativ g‘oyalar muallifi Nurlan Jabborov fahriy yorliq bilan taqdirlandi.

***
“Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” munosabati bilan Zarbdor tumani hokimligi hamda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan tumandagi 120 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Shuningdek, tuman hokimi va ichiki ishlar bo‘limi boshlig‘i birgalikda tuman tibbiyot birlashmasining “Bolalar bo‘limi”ga borib, bo‘lim faoliyati bilan yaqindan tanishdi va u yerda davolanayotgan bolajonlarga bayram sovg‘asi ulashdi.
***
Yangiobod tumanida yo‘llar sifatini yaxshilash hamda aholi va transport vositalari harakatlanishi uchun qulayliklar yaratish maqsadida hamda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” munosabati bilan barcha mahalla va qishloqlarda asosiy va ichki yo‘llarda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Xususan, tumanning 3-sektoriga qarashli “Havotog‘” qishloq fuqarolar yig‘ini “Changovul” qishlog‘idagi ichki yo‘llar shag‘allashtirilib, soz holatga keltirildi.
Bundan tashqari, tumandagi boshqa mahalla va qishloqlarda ham asosiy va ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

***
Zomin tumani o‘quvchi-yoshlari Toshkent shahrida mental arifmetika bo‘yicha bo‘lib o‘tgan respublika ko‘rik-tanlovida 1-o‘rinni egallab, Dubay shahrida bo‘lib o‘tadigan mental arifmetika bo‘yicha o‘tishi rejalashtirilgan jahon birinchiligiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.G‘oliblarni Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniyev bu muvaffaqiyat bilan qutlab, ularga omad tiladi va qimmatbaho hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirladi.
***
Mirzacho‘l tumani maktabgacha ta’lim bo‘limida o‘tgan 2021 yilda ta’lim-tarbiya samaradorligi va ijro intizomi bo‘yicha yakuniy reyting natijalariga ko‘ra “Yashil hudud”ga kirgan MTT direktorlari va namunali tarbiyachilari maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri tomonidan tashakkurnoma va har biriga Toshkent shahrida o‘tadigan iqtidorli san’akor G‘iyos Boytoyevning konsert dasturiga chiptalar bilan taqdirladi.
Tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Sh.Qo‘qonova barcha maktabgacha ta’lim tizimi xodimlarini 2022 yil – Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yilida reytingdagi o‘rinlarini yo‘qotmasliklarida omad tiladi.
***
Do‘stlik tumanidagi 3-sonli bolalar musiqa va san’at maktabining tomoshalar zalida o‘quvchilarning san’at sohasida olgan bilimini sinovdan o‘tkazish maqsadida yil yakuniga bag‘ishlangan “Akademik konsert” dasturi tashkil etildi. Tadbirda maktab o‘quvchilari faol ishtirok etdi. Dastur so‘nggida maktab ma’muriyati tomonidan o‘quvchi va xodimlarga faxriy yorliq va tashakkurnomalar berildi.

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat) O‘zA