Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Baxmal tumani hokimi Musa Anarbayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu hududdagi Xalq qabulxonasida o‘tkazgan sayyor qabul davomida aholi tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, elektr energiyasi ta’minotidagi uzulishlarni bartaraf etish, ichki yo‘llarni ta’mirlash, uy-joy, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash kabi 80 dan ortiq fuqaroning murojaatini tingladi.
Ushbu murojaatlarning aksariyatiga joyida yechim topildi. Muddat talab etadigan murojaatlar bo‘yicha mas’ullar biriktirilib, o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash yuzasidan mutasaddi rahbarlar zimmasiga aniq vazifalar yuklandi. Barcha murojaatlar ijrosi tuman hokimi tomonidan nazoratga olindi.
* * *
Jizzax shahar bo‘linmasida xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi deputatlari, shahar hokimligi Axborot xizmati birgalikda Jizzax shahridagi Prezidentimizning joriy yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida va ma’naviy-ma’rifiy ishlar holatini tanqidiy o‘rganish bo‘yicha tasdiqlangan 01/01-474-sonli ishchi guruhi tarkibi va savolnomasiga asosan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda IT yo‘nalishidagi 8-IDUM, Jizzax shahar maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli 13-son maktabgacha ta’lim muassasasi hamda Jizzax shahar sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi ma’naviy-ma’rifiy ishlar holati tanqidiy va tahliliy o‘rganildi.
* * *
Zarbdor tumanida Respublika “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i Telmon O‘rinov boshchiligida o‘quv seminar o‘tkazildi.

Ushbu seminarda so‘ngi 2 yil davomida mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash sohasiga oid qabul qilingan 30 dan ortiq qonun hujjatlari hamda Davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlari va hududlarga tashrifi moboynida sohaga oid belgilab berilgan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyati, ularni amalga oshirish mexanizmlari borasida ma’lumot berildi.
* * *
“Yashil makon” umummilliy loyihasida Zafarobod tumani “Avtomobil yo‘llari” korxonasi xodimlari ham faol ishtirok etib, munosib hissa qo‘shmoqda.
Ular tomonidan shu kunga qadar 1,5 gektardan ortiq yer maydoniga 3 ming tupdan ziyod turli mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Tuman bo‘ylab ko‘chat ekish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
* * *
Zomin tumani Dashtobod shahrida joylashgan “Jizzax Oqsaroy tekstil” korxonasiga qarashli “Yangi avlod” idoraviy maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda so‘zga chiqanlar shaharda bunday turdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ochilishi korxonada faoliyat ko‘rsatayotgan xizmatchilar uchun yanada qulay bo‘lishi, bu o‘z navbatida ish samaradorligi oshishiga olib kelishi haqida gapirdi.
220 o‘ringa mo‘ljallangan yangi ta’lim maskani barcha qulayliklarga ega, zamonaviy uslubda bunyod etilgan bo‘lib, maktabgacha bo‘lgan ta’limdan tashqari bolajaonlarning 3-sinfgacha bo‘lgan ta’limi ham ushbu maskanda tashkil etilgan.
* * *
Sharof Rashidov tumani “Nonisangil” MFYda ichki yo‘llarini ta’mirlash ishlari qizg‘in davom etmoqda.

“Nonisangil” qishlog‘i ham og‘ir hududlar sifatida qayd etilgan edi. Kuni kecha ushbu mahallaga hokim yordamchisi Kamol Irgashev tashabbusi hamda viloyat 4-sektor ko‘magi bilan 500 metr ko‘chaga shag‘al yotqizildi.
* * *
Yangiobod tumani Pastkichaqir qishlog‘idagi 8-umumta’lim maktabida tumandagi chegara qo‘riqlash vzvodi harbiylari tomonidan “Vatan taraqqiyoti yoshlar qo‘lida”, “Yoshlar kelajagimiz poydevori” mavzularida dava suhbati tashkil etildi.

Shu tumandagi 1-sonli umumta’lim maktabida esa tuman turizm va spot bo‘limi tomonidan ta’lim muassasalarida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda ularni ommaviy sport turlariga jalb etish maqsadida shaxmat musobaqasi tashkil etildi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA