Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax viloyatining Baxmal tumani hokimi Musa Anarbayev “Eng yaxshi sektor rahbari” Respublika ko‘rik tanlovi g‘olibi bo‘ldi. Shu munosabat bilan tuman hokimiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovg‘asi – “SPARK”avtomobili topshirildi.
***
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mahallalarni obod qilish maqsadida Sharof Rashidov tumani “Umar” MFY hududiga Jizzax viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i tashabbusi bilan 60 dona pavloniya, 90 dona tut, 60 dona qizil tol, 50 dona yapon safurasi, 40 dona sada hamda 100 dona gilos ko‘chati olib kelindi. Viloyat soliq boshqarmasi xodimlari hamda “Umar” MFY aholisi birgalikda “Ko‘chat ekib, mahalla obodligiga hissa qo‘shdi.

***
Mamlakatimizda joriy yil 1 noyabridan 1 dekabrgacha “Keksalar turizm oyligi” bo‘lib o‘tishi belgilangan bo‘lib, oylik doirasida bugungi kunga qadar Zafarobod tumanidagi “Birlik” qishlog‘ida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Mariya Abdurahimova va front orti mehnat faxriylari holidan xabar olinib, malakali tibbiyot xodimlari tomonidan nuroniy otaxon va onaxonlarning salomatligi tekshiruvdan o‘tkazildi.
Shuningdek, Bo‘ston, Samarqand, Uzun, Nurafshon, Yorqin mahallalarida yotib qolgan, yakka-yolg‘iz, birinchi va ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan otaxon va onaxonlar holidan xabar olinib, tibbiyot xodimlari tomonidan ularning salomatligi tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi.
Bundan tashqari, keksa avlod vakillari va yoshlar o‘rtasida shaxmat-shashka sport musobaqasi o‘tkazilgan bo‘lsa, “Chimqo‘rg‘on” QFY hududida yoshlar keksalardan ko‘chat ekish sir-asrorlarini o‘rgandi.

***
O‘quvchi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ular qalbida yurtga sadoqat tuyg‘usini shakllantirish maqsadida Yangiobod tumanidagi 19-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida “n” harbiy qism qo‘riqlash vzvodi harbiylari ishtirokida “Milliy armiyamiz – g‘ururimiz, iftixorimiz!” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda ofitser va serjantlar o‘quvchilarga harbiylarning burch va mas’uliyatlari haqida gapirib berdi.

***
G‘allaoroldagi “Madaniyat markazi”da Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash va madaniyat tuman bo‘limlari faollari bilan hamkorlikda “Iffatli kelin” milliy tanlovi bo‘lib o‘tdi. Bellashuvda quyi bosqichlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 10 nafar iqtidorli va shijoatli yosh kelin 3 ta shart bo‘yicha bellashdi.
G‘oliblikni qo‘lga kiritgan va tanlovda faol ishtirok etgan kelinlar tashkilotchilarning diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

***
Forish tumani 3-sektor hududidagi “O‘zbekiston” MFY “Baxt” ko‘chasida yashovchi aholini elektr energiyasi bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida 1,5 kilometr yangi elektr havo tarmog‘i qurishga kirishildi.
Yangi havo tarmog‘i uchun 25 ta temir beton tayanch hamda 1 ta 100 kilovattli transformator o‘rnatiladi. Ayni kunda tuman elektr tarmoqlari korxonasi ishchilari belgilangan ishlarni tez va sifatli bajarish borasida hamjihatlik bilan ish olib borayapti.
Ushbu yangi elektr havo tarmog‘i ishga tushgach mahallaning “Baxt” ko‘chasida yashovchi 80 ta xonadonda elektr energiya ta’minoti yaxshilanadi.

A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat) O‘zA