Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Prezidentimizning 2020 yil 30 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirada Jizzax viloyatining barcha umumta’lim maktablarida “Tengdosh – tengdoshga” loyihasiga asosan “Sardorlar saylovi” o‘tkazilmoqda.
Jumladan, ushbu loyiha doirasida Forish tumani maktablaridagi har bir sinf bo‘yicha faol bo‘lmagan va ta’lim olishda orqada qolayotgan o‘quvchilar bilan ish olib borish maqsadida har bir sinflar bo‘yicha sardorlar saylanmoqda.
Ayni paytga qadar tumandagi 18, 21, 28, 33, 65, 75, 77-umumta’lim maktablarida ana shunday tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
***
Xalq deputatlari Jizzax viloyati kengashi kotibiyati majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan davra suhbati tashkil etildi.

Unda Qo‘mita raisi B.Sayfullayev, doimiy komissiya raislari, deputatlar, mutasaddi tashkilot rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ushbu tadbirda Yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo‘yicha reyting tizimini joriy etish masalasi muhokama etildi.
***
Jizzax viloyati hududida joriy yilning o‘tgan 7 oyi yakuniga ko‘ra 527 ta avtohalokat oqibatida 178 nafar fuqaro vafot etgan.
Bu haqda viloyat ichi ishlar boshqarmasi ma’lum qildi. Yo‘l transport hodisalari oqibatida 436 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Jizzax shahri, Zomin, G‘allaorol, Paxtakor, Mirzacho‘l, Baxmal, Zafarobod va Yangiobod tumanlarida boshqa hududlarga nisbatan ko‘proq salbiy natija qayd etilgan.
***
Harbiy xizmatchilarning kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularni milliy va jahon adabiyoti namunalari bilan mutazam tanishtirib borish maqsadida Mirzacho‘l tumanida ham qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, hududdagi “n” harbiy qism xizmatchilaridan tashkil topgan “Soxibqiron” hamda “Turon” jamoalari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkillashtirildi.
O‘tkazilgan ushbu musobaqada ishtirokchilar kitobxonlik borasidagi bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Bellashuvda eng faol harbiy kitobxonlarga tashkilotchilar tomonidan “Jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari kutubxonasi”dan o‘rin olgan kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi.
***
Sharof Rashidov tumanidagi 14-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida respublika Ichki ishlar vazirligi hamda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Unda viloyat IIB tizimida ko‘p yillar faoliyat ko‘rsatib nafaqaga chiqqan faxriylar, mahalla faollari va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda “El-yurt osoyishtaligi generallari” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu asar muallifi taniqli olim, yuridik fanlari doktori Abdug‘affor Sattorov bilan uchrashuv ham tashkil etildi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga asar muallifi Abdug‘affor Sattorovdan batafsil javoblar oldi.
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi munosabati bilan Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida siyosiy tadbirlar, o‘quv seminarlar bo‘lib o‘tmoqda.


Jumladan, Zominda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining ko‘rsatmasiga asosan ushbu vazirlikning Yangiobod, Zarbdor, Zomin tumanlari bo‘limi xodimlari hamda qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari ishtirokida saylov bo‘yicha 2-bosqich o‘quv-seminari o‘tkazildi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA