Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Do‘stlik tumani ichki ishlar bo‘lim xodimlari uchun tashkil etilgan “Ma’naviyat-ma’rifat” soati davlatimiz rahbarining “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovga bergan intervyusiga bag‘ishlandi.
Unda viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari mayor Jasur Tillabovning Prezidentimiz bilan bo‘lgan mazkur suhbatdan kelib chiqadigan vazifalar haqidagi ma’ruzasi tinglandi.
Shuningdek, tuman IIB xodimlari o‘rtasida mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi oldidan saf tayyorgarligi mashg‘ulotlari ham o‘tkazildi.
***
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning 2-bandi “Yoshlarni jismonan chiniqtirish, ularning sport sohasidagi qobiliyatlarini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan va sog‘lom turmush tarzini keng tadbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax shahar qo‘riqlash bo‘limi tomonidan ham bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Jizzax shahridagi kurash saroyida qo‘riqlash bo‘limi tomonidan to‘garak a’zolariga navbatdagi sport mashg‘uloti o‘tkazildi.
Unda yoshlarga erkin kurash sport turining sir-asrorlarini o‘rgatadigan mashg‘ulotlar tashkil etildi. Quvonarlisi, bu to‘garakda ishtirokchilar soni kun sayin ortib bormoqda.
***
O‘zXDP Forish tuman kengashi yetakchi ayollari tomonidan imzo varaqalarini to‘ldirishda faol ishtirok etib, ular korxona, tashkilot, muassasalar, mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘ldi, Prezidentlikka partiya tomonidan ko‘rsatilgan o‘z nomzodini qo‘llab-quvvatlovchilar imzolarini yig‘moqda.
Jumladan, Forish tumanidagi “Bog‘don” mahalla fuqarolar yig‘inida imzo yig‘ish jarayoni uyushqoqlik bilan tashkil etildi, nomzod va uning faoliyati haqida ma’lumotlar berildi.
***
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 22 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Jizzaxda biometrik pasport tizimi infratuzilmasi negizida mamlakatimiz fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti o‘rniga 2021 yildan boshlab identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirish va berish tizimi joriy etildi.
Jizzax viloyati IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan identifikatsiya ID-kartasini rasmiylashtirish uchun o‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘zi yoki qonuniy vakili orqali og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda murojaat kelib tushganda mas’ul xodim tomonidan ID-karta rasmiylashtirish uchun maxsus planshet orqali 15 kun muddatda ushbu shaxslarning yashash manziliga borilgan holda identifikatsiya ID-kartasi rasmiylashtirilmoqda.
Ma’lumot uchun, ko‘rsatilgan xizmat uchun hech qanday qo‘shimcha to‘lovlar undirilmaydi.
***
Yangiobod tumanida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Yangiobod tuman kengashining bo‘lib o‘tgan navbatdagi konferensiya ishida kun tartibida delegatlar tomonidan ikkita masala ko‘rib chiqildi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi kengashidan delegatlar saylash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi va ishtirokchilar tomonidan bildirilgan takliflar asosida 5 nafar delegat saylab olindi.
Konferensiya davomida ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan ishtirokchilarning fikr-mulohazalari tinglanib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
***
Tojikiston Respublikasida o‘tkazilgan sportning professional MMA turi bo‘yicha Arnasoy tumanida istiqomat qiluvchi Samandar Xolbekov 66 kilogramm vazn toifasida tojikistonlik raqibi Asilbek Otabekov bilan bo‘lgan bahsda g‘olib bo‘lib, chempionlik kamari sohibiga aylandi.
Ayni paytda, Samandar Xolbekov 3 ta chempionlik kamarini egallab turibdi. Endi Samandar joriy yilning sentyabr oyida Qirg‘iziston Respublikasida sportning professional MMA turi bo‘yicha jangga hozirlik ko‘rmoqda.
[gallery-3553]
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA