Jizzax viloyati xabarlari qisqa satrlarda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyat filiali tomonidan viloyat sektorlari bilan hamkorlikda seminar-trening tashkil etildi.
Seminarda sektorlarning joriy yilning o‘tgan 6 oyi daavomidagi faoliyati natijalari – reyting ko‘rsatkichlari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar tomonidan bir qator taklif va mulohazalar bildirilib, kelgusidagi muhim vazifalar belgilab olindi.
***
Qurbon hayiti arafasida Zarbdor tumani 2-sektor rahbari, tuman prokurori tashabbusi bilan shu tumandagi nogironligi bo‘lgan fuqarolarga qo‘ltiqtayoq va nogironlik aravachalari berildi.
Jumladan, tumandagi “Navro‘z”, “Oqbuloq”, “Yangikent”, “Taraqqiyot” va “Nurafshon” mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi Bobomurod Maxsudov, Javlon Qodirberdiyev, Nasiba Yakubova, Odiljon Yo‘ldashev, Husan Noqulov, Abdurasul Shodiyev va yana bir qator nogironligi bo‘lgan fuqarolar hayit tuhfasidan mamnun bo‘ldi.
Xuddi shu tumanning 3-sektor hududidagi ichimlik suv quvuri to‘lib qolganidan “Yangikent” MFYda yashovchi fuqarolar ichimlik suvidan qiynalayotgan edi. Tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan quvurlar tozalanib, aholining toza ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq muammosi bartaraf etildi.
***
Yangiobod tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Kengashining navbatdagi yig‘ilishi tanqidiy ruhda bo‘lib o‘tdi.
Unda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinib, yo‘l qo‘yilgan kamchidiklar keskin tanqid qilindi. Ularni kechiktirmay bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifalar yuklanib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
***
Sportning karate-ITKF yo‘nalishi bo‘yicha Jizzax viloyati terma jamoasi Zomin tumanidagi osmono‘par tog‘lar va maftunkor tabiat bag‘rida “Mashg‘ulotlarda qiyin bo‘lsa – jangda oson bo‘ladi” shiori ostida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini olib bormoqda.
O‘quv-mashqlaridan ko‘zlangan maqsad, yaqinda o‘tkaziladigan Afro-Osiyo chempionatiga puxta tayyorgarlik ko‘rib, musobaqalarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilishdan iborat.
***
Ko‘p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayorlash maqsadida Jizzax shahar “Sayiljoyi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi LK-16 qozonxonasining issiqlik uzatish tarmoqlarida ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetmoqda.
“ZIYO-NUR” mas’uliyati cheklangan jamiyati pudratchiligida “Ta’mirlash-tiklash servis” boshqaruv servis kompaniyasi ishchi-santexniklari u yerda joriy va mukammal ta’mirlash ishlarini yakunlagach, “Sayiljoyi” mahallasining 6 ta ko‘p qavatli uydagi 420 xonadon issiqlik ta’minoti bilan to‘liq ta’minlanadi.
***
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi hamda tuman, shahar bo‘limlari ma’naviy-ma’rifiy ishlar xizmatchilarining bilim saviyasi test usulida sinovdan o‘tkazildi.
Ushbu sinovda viloyat IIB ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati xodimlari hamda hududiy IIB boshliqlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Viloyat IIB boshqa yo‘nalishdagi xizmatchilarni ham test usulida sinovdan o‘tkazishni rejalashtirgan.
Abdujalol Qayumov, O‘zA