Jizzax viloyati xabarari – qisqa satrlarda
Arnasoy tuman hokimligi, Jizzax viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning tuman bo‘limi tashabbusi bilan tuman IIB, gaz, elektr tarmoqlari korxonalari vakillari ishtirokida tabiiy is gazi va ovqatdan zaharlanishning oldini olishga qaratilgan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Chorshanba – favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘inlar profilaktikasi kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda qish mavsumida, ya’ni ob-havoning keskin pasayishi kuzatilganda aholi orasida isitish moslamalaridan foydalanish va qishda konservalangan mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojning sezilarli darajada ortishi, bunda tabiiy gaz, is gazi va ovqatdan zaharlanish, botulizm va boshqa bir qator inson salomatligi uchun xavfli kasalliklarning ko‘payishi mumkinligi, ana shunday favqulodda holatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar mahalla va qishloqlarda muntazam o‘tkazib borish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
***
O‘smat shaharchasida xalq deputatlari Baxmal tuman Kengashining navbatdagi 36-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiya kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan tuman tashkilotlarining mas’ul rahbarlarining hisoboti tinglandi.
Mahalliy Kengash deputatlari berilgan hisobotlar yuzasidan muhokamada so‘zga chiqib, saylovchilarning bu boradagi taklif va istaklarini bildirdi.
Xalq deputatlari Baxmal tuman Kengashida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
***
G‘allaorol tuman hokimligi va hamkor tashkilotlar tomonidan bir guruh nuroniy otaxon va onaxonlarning Toshkent shahriga sayohati uyushtirildi.
G‘allaorollik nuroniy sayyohlar respublikamiz poytaxtidagi muzeylar, “G‘alaba bog‘i”, “Toshkent siti” hamda “Zangiota ziyoratgohi”ga tomosha uyushtirgan tuman hokimligi va homiylarga minnatdorchilik bildirdi.
***
Forish tuman prokurori Mirzarahim Otaqulov, o‘zi rahbarligidagi 2-sektorga qarashli “Qoraabdol ota” hamda “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi bilan uchrashib, ushbu hududlarga tayinlangan “hokim yordamchilari”ni tanishtirdi.

Ushbu mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, ishsizlikni kamaytirish, aholi va yoshlar bandligini ta’minlash, kambag‘allikni tugatish borasida ushbu hududda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar bilan tanishtirdi. Shuningdek, uchrashuvlar jarayonida aholini qiynayotgan muammolarni ham o‘rganib, ularni hal etish yuzasidan tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirokida chora-tadbirlar belgilandi.
***
Diniy ishlar qo‘mitasining Mirzacho‘l tumani ma’sul xodimi tomonidan hududdagi diniy vaziyatni sog‘lomlashtirish va ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini yanada mustahkamlash, diniy mutaassiblikning oldini olish va xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom muhitni yaratish maqsadida “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida umumprofilaktika targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Unda tashkilotchilar tomonidan yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunni joylarda to‘g‘ri targ‘ib qilish va uning mazmun mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
***

Zarbdor tumanida bugun “Sog‘lom hayot uchun 10 ming qadam” shiori ostida yurish marafoni va ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Ommaviy tadbirda shaharcha hududida istiqomat qiluvchi aholining barcha qatlami, korxona, tashkilot, muassasa ishchi-xizmatchilari hamda keksalar va yoshlar birdek ishtirok etdi.

Mazkur ommaviy tadbirni har haftaning ikki kunini belgilab, muntazam o‘tkazib borishga kelishib olindi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA