Jizzax viloyati prokuraturasi uchun yangi bino barpo etildi
Jizzax shahrida qad rostlagan yangi bir imoratga qarab, uning faqat devor, oyna va eshiklardan iborat bino emasligini anglash qiyin emas. Chunki davlat idorasi uchun barpo etilgan har qanday zamonaviy maskanning haqiqiy qiymati uning tashqi ko‘rinishidagina emas, balki odamlarga yaratgan imkoniyati, el-yurt manfaatiga qo‘shgan hissasi bilan o‘lchanadi.
Shu ma’noda Jizzax viloyat prokuraturasi uchun barpo etilgan yangi ma’muriy majmua ham avvalo xalq uchun yana bir qulaylikdir. Endi fuqaroning murojaati, uning qonuniy haq-huquqi va dardi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish uchun zamonaviy sharoitlarga ega muhit mavjud.
Bu binoning qad rostlashiga bir qarashda oddiy qurilishdek baho berish mumkin. Ammo uning zamirida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik jarayoni, davlat idoralari faoliyatini zamon talablari asosida tashkil etishga qaratilgan e’tibor va, eng muhimi, mustaqillik yillarida shakllangan imkoniyatlar mujassam.
Yangi binoda fuqarolarni qabul qilish, murojaatlarni tezkor ko‘rib chiqish va xodimlarning samarali mehnat qilishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Demak, bu yerda gap faqat prokuratura xodimlariga qulay ish joyi yaratish haqida emas. Masalaning ikkinchi, yanada muhim tomoni bor: qulay idora — fuqaro uchun ham qulay xizmat degani.
Zero, odamlar davlat idorasiga o‘z xohishi bilan emas, aksar hollarda muayyan muammo yoki huquqiy masala bilan keladi. Uning uchun qabulxonadagi sharoit, murojaatini bayon etish imkoniyati, mas’ul xodim bilan muloqot madaniyati va masalaning o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi juda muhim. Yangi inshoot ana shu talablarga javob beradigan muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.
Tadbirning ochilish marosimida Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev, viloyat prokurori Baxtiyor Ibrohimov, nuroniylar va soha vakillari ishtirok etishdi. Ular yangi binoning xodimlar va fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlari bilan tanishishdi.
Bu inshootga faqat “yangi prokuratura binosi” deb qarash kamlik qiladi. U — mustaqillik yillaridagi bunyodkorlik salohiyatining bir ko‘rinishi, zamon bilan hamnafas davlat boshqaruvining bir belgisi va eng muhimi, xalq uchun yaratilgan yana bir ajoyib qulaylikdir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari