Jizzax viloyati IIB xabarlari — qisqa satrlarda
Jizzax viloyati IIB sohaviy xizmatlari xodimlari ishtirokida “Kitobdan beminnat do‘st bo‘lmas” mavzusida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda “Ma’naviyat va ma’rifat” darsi doirasida qonunchilikdagi yangilik va o‘zgarishlar mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirilib, xodimlarning huquqiy bilimini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Tadbir davomida an’anaviy savol-javoblar o‘tkazilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan masalalarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi. Shuningdek, kitoblar yarmarkasi tashkil qilinib, xodimlar badiiy va huquqiy adabiyotlarni xarid qilish imkoniga ega bo‘lishdi.

***

Jizzax viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi boshlig‘i tomonidan o‘tkazilgan qabulda 27 nafar fuqaro ishtirok etdi. Qabul davomida fuqarolar tomonidan tergovga qadar tekshiruvlar, jinoyat ishlarini yuritish, shuningdek, sud-huquq masalalari yuzasidan murojaatlar bildirildi. Ayrim murojaatlar joyida hal etildi, qo‘shimcha o‘rganish talab etilgan masalalar esa nazoratga olinib, ijrosi ta’minlanishi belgilab qo‘yildi. Shu bilan birga, fuqarolarga qonunchilik doirasida zarur huquqiy tushuntirishlar berilib, ularning murojaatlariga aniq va asosli javoblar qaytarildi.
***


Zarbdor tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari tomonidan probatsiya nazoratidagi shaxslar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda jazo o‘tayotgan shaxslarning ijtimoiy muammolari, ish bilan ta’minlanishi va hayotga moslashuv masalalari atroflicha muhokama qilindi. Muloqot davomida ularning muammolarini hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining sayyor sud majlisi o‘tkazilib, 5 nafar mahkum muddatidan oldin ozod qilindi, 2 nafar shaxsga nisbatan esa jazo choralari kuchaytirildi.
***


Sharof Rashidov tumanidagi “G‘ozg‘ontepa” MFY hududida joylashgan markaziy chiqindi poligoni atrofini tozalash bo‘yicha keng ko‘lamli ekologik aksiya tashkil etildi. Unda “Yosh ekofaollar” kengashi a’zolari, tegishli tashkilot va muassasalar vakillari hamda ichki ishlar organlari xodimlari faol ishtirok etishdi. Tadbir davomida xodimlar jamoat tartibini ta’minlash bilan birga, tozalik ishlarida ham bevosita ishtirok etishib, atrof-muhitni muhofaza qilishga o‘z hissalarini qo‘shishdi. Yakunda aksiyada faol ishtirok etganlar turli nominatsiyalar bo‘yicha munosib taqdirlanishdi.
***



Jizzax viloyati IIB boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirov Sharof Rashidov tumani Kuyovboshi mahallasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Jumladan, hududda barpo etilayotgan yangi mehmonxona qurilishi hamda mevali bog‘ni rivojlantirish ishlari ko‘zdan kechirildi. Mas’ullar ishtirokida loyihalarning amalga oshirish bosqichlari, aholi va xodimlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar muhokama qilindi. Shuningdek, bog‘da agrotexnik tadbirlarni samarali tashkil etish, daraxt ko‘chatlarini parvarishlash va hosildorlikni oshirish masalalari yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri