Jizzax dehqon bozorlaridagi narx-navolar
Jizzax viloyatida istiqomat qiluvchi 1 million 400 ming aholini yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, oziq-ovqat xavfsizligi va narxlar barqarorligini bir me’yorda ushlab turish maqsadida barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
bugungi kunda viloyat aholisini tibbiyot me’yorlari bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlari (viloyati hokimligi qishloq va suv xo‘jaligi masalalari kotibiyatidan olingan ma’lumotga ko‘ra) quyidagi jadvaldagidek taqsimlangan.

Ba’zi mahsulotlar Jizzax viloyatida ishlab chiqarilmaydi, shu sababdan ushbu mahsulot boshqa viloyatdan olib kelinmoqda.
Guruch Xorazm viloyatidan 7 ming 500 tonna olib kelindi, yil yakuniga qadar yana 3 ming 500 tonna guruch sotib olinishi rejalashtirilgan.
Shakar bilan savdo qiladigan 50 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti tomonidan birjadan har kuni 40 tonna atrofida shakar sotib olinib, shu kungacha, ushbu mahsulot 9 ming tonnadan ortiqni tashkil etgan. Bundan tashqari, zaxiradan har oyda 200-250 tonna shakar bozorga chiqarilib, 1 kilogrammi 12 ming so‘mdan sotilmoqda.

– Viloyat va tuman markazlaridagi dehqon bozorlarida yarmarkalar tashkil etilishi ijobiy samaralarini bermoqda va shuni hisobga olib, bundan keyin ham viloyatdagi mavjud 24 ta dehqon bozorida muntazam ravishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasini tashkil etib borishni rejalashtirganmiz, – deydi viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Oybek Ashurmatov. – Bozorlarda narx-navolarni barqaror ushlab turish maqsadida dehqon bozorlari qoshida 9 ta maxsus omborxona tashkil etilgan. Asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, kartoshka, piyoz va sabzining narxi bozordagi boshqa mahsulotlar narxiga tabiiyki o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Shuni hisobga olib, bu yil 7 ming 673 gektarga yoki o‘tgan yilga nisbatan 5 ming 873 gektar ko‘p maydonga kartoshka ekildi. Ushbu maydonlardan 190 ming 300 tonna yoki o‘tgan yilga nisbatan 145 ming 600 tonna ko‘p kartoshka yetishtirildi. Bu esa, aholi ehtiyojidan 114 ming tonna ko‘p deganidir.
Lekin ushbu mahsulotni saqlash uchun viloyatda muzlatgichli omborxonalar yetishmaydi, shu sababdan ham ularni saqlashning imkoniyati bo‘lmayapti. Oqibatda esa dehqon zarar ko‘ryapti. Sababi shu kunlarda, 1 kilogramm kartoshkani dehqondan (ekin maydonidan) 1 ming 200 so‘mdan sotib olingan holda, ushbu mahsulotning tannarxi 2-2 yarim barobar qimmatni tashkil qilmoqda.
Xuddi shunday, piyoz ham joriy yilda 5 ming 228 gektarga yoki o‘tgan yilga nisbatan 1 ming 138 gektar ko‘p maydonga ekildi. Qolaversa, bu yil 292 gektarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilindi, o‘tgan yili bu ko‘rsatgich 56 gektarni tashkil etib, ushbu sug‘orish usuli joriy qilingan maydonlarda gektariga 900 sentnerdan yoki oddiy usuldagidan 700 sentner ko‘p hosil olindi.
Bu mahsulotlarni ham saqlash omborlarining yetishmasligi natijasida dehqonlar yetishtirgan mahsulotlarini ertaroq sotishga harakat qilyapti. Chunki dehqonning qo‘lidan 1 kilogramm piyoz 2 ming 500 so‘mdan, sabzi ming so‘mdan sotib olinyapti.
Joriy yilda g‘alladan bo‘shagan maydonlarning 65 ming gektariga takroriy ekinlar ekildi. Bu yerlardan 613 ming 600 tonnadan ortiq mahsulot olish mo‘ljallanmoqda.
Ma’lum qilishlaricha, takroriy maydonlarning asosiy qismiga, ya’ni 33 ming 500 gektariga eksportga talab kuchli bo‘lgan mosh ekilgan bo‘lib, ushbu maydonlardan 40 ming 200 tonna hosil yetishtirish kutilmoqda. Mosh eksport qiladigan eksportyorlar bor, ular xorijiy tadbirkorlar bilan ishonchli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Bu yilgi hosildan 8 million 400 ming AQSH dollari miqdorida eksport kutilmoqda. Umuman olganda, takroriy ekinlardan olinadigan 613 ming 600 tonna hosilning 24 ming 500 tonnasi eksportga, 49 ming tonnasi qayta ishlashga, 27 ming 600 tonnasi zaxiraga, 30 ming 700 tonnasi yarmarkalarga, salkam 480 ming tonnasi ichki iste’molga chiqariladi.
Zaxira qilinadigan 27 ming 600 tonna mahsulotni saqlash uchun maxsus omborxonalar tashkil etilgan bo‘lib, hozirdan zaxira qilish ishlari boshlab yuborildi. Mahsulot taqchilligi sezila boshlagan qish va erta bahor oylarida mahsulotlar bozorlarga peshma-pesh chiqariladi va narx-navoni asossiz oshib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Viloyatda aholi ehtiyojidan bir necha barobor ko‘p mahsulotlar yetishtirilmoqda. Lekin mahsulotlarning asosan bir vaqtda pishib-yetilishi va bir vaqtda bozorlarga chiqarilishi natijasida yilning ma’lum bir oylarida mahsulotlar arzon, boshqa vaqtlarida esa qimmatlashib ketyapti.

Bunga asosiy sabab, viloyatda muzlatgichli omborxonalarning yetishmasligidir. bugungi kunda, Jizzax viloyati bo‘yicha bor yo‘g‘i 33 ming tonna sig‘imga ega bo‘lgan 55 ta muzlatgichli omborxona bor va bu omborxonalar yetishtirilgan mahsulotning bor yo‘g‘i 10 foizini saqlash imkonini beradi, xolos.
Bundan tashqari, keyingi uch yil davomida viloyat bo‘yicha 14 ming 500 gektar yangi uzumzor, 26 ming 500 gektar bog‘ barpo qilingan bo‘lib, 2025 yilga borib ushbu maydonlardan 500 ming tonna uzum va 515 ming tonna meva yetishtirilishi kutilmoqda.
– Sharof Rashidov tumanida 40 gektar maydonda umumiy qiymati 57 million 700 ming AQSH dollari bo‘lgan, shundan 5 million 700 ming dollari o‘z mablag‘i hamda 52 million dollari xorijiy investitsiya hisobiga zamonaviy “Agrologistika kompleksi” barpo etilmoqda. Ushbu kompleks to‘liq ishga tushgandan keyin sig‘imi 10 ming tonna bo‘lgan muzlatgich, quvvati 50 ming tonna bo‘lgan meva-sabzavotni qayta ishlash, 1 ming 200 tonna meva-sabzavot mahsulotlarini saralash va qadoqlash korxonalari ishga tushiriladi, shuningdek, 20 ta refrijerator va 30 ta yuk avtomobili xarid qilinishi nazarda tutilgan, – deydi Oybek Ashurmatov. – Ushbu 20 gektarlik zamonaviy issiqxona ishga tushirilgach, 260 ming tonna mahsulotni qabul qilishga erishiladi. Viloyatda 300 ga yaqin qishloq va mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, ularning har birida 2 tadan 100 tonnalik sig‘imga ega bo‘lgan kichik hamda viloyatdagi 3 ta yirik dehqon bozorining o‘zida sig‘imi 500 dan ming tonnagacha bo‘lgan muzlatgichli omborxona tashkil etish, buning uchun, kredit imtiyozlari yoki subsidiyalar ajratilishi kerak.
Viloyatda parrandachilikka ixtisoslashgan 43 ta xo‘jalik faoliyat ko‘rsatib, ulardagi parranda bosh soni 1 million 700 mingtani tashkil etadi.
Joriy yil o‘tgan davrida 26 ta parrandachilik loyihasini amalga oshirish hisobiga 1 million 800 ming bosh parranda boqish yo‘lga qo‘yildi. Natijada, shu kungacha tirik vaznda 22 ming 500 tonna parranda go‘shti va 222 million 900 ming donadan ortiq tuxum yetishtirildi.
Chorvachilikda, viloyatda 926 ming 900 bosh qoramol, 2 million 300 bosh qo‘y va echki parvarish qilinmoqda. Shu kungacha, 117 ming tonna go‘sht (109,4 foiz), 384 ming 200 tonna sut (107,8 foiz) ishlab chiqarildi.

Shu kungacha 125 ta, shundan qoramolchilikda 54 ta, qo‘ychilikda 16 ta loyiha amalga oshirilib, chetdan 4 ming 340 bosh naslli qoramol, 10 ming boshdan ortiq qo‘y va echki olib kelindi. Baliqchilikda 182 ta xo‘jalik faoliyat ko‘rsatadi, ularda jami 8 ming 900 gektar shundan, 4 ming 600 gektar sun’iy suv havzalari va 4 ming 400 gektar tabiiy ko‘llar mavjud.
Joriy yilning o‘tgan davrida baliqchilikda 10 ta loyiha amalga oshirildi va viloyat bo‘yicha jami 6 ming 300 tonna baliq yetishtirishga erishildi.
Viloyat aholisini yil davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashni kafolatlagan holda, bozorlarimizda narx-navoning barqarorligiga erishish bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA