JizPI: o‘quv jarayoni, muammolar, amaliyot va samara
Jizzax politexnika institutida “O‘quv jarayoni: muammolar, o‘zgarish va yutuqlar” mavzusida tashkil etilgan matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda oliy ta’lim tizimidagi islohotlar, institutda amalga oshirilayotgan ishlar, o‘quv jarayoni, mavjud muammolar, o‘zgarishlar hamda yutuqlar, shuningdek, kelgusidagi rejalar yuzasidan ma’lumot berildi.
Jizzax politexnika institutida 6 ta fakultet, 24 ta kafedra hamda bir qator bo‘limlar mavjud. 44 ta kunduzgi bakalavriat, 23 ta sirtqi, 21 ta magistratura mutaxassisligi, shuningdek, 2+2 qo‘shma ta’lim dasturi asosida 3 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.
–Institut qoshida 2 ta texnikum tashkil etilgan edi, –dedi institut matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi Jahongir Tulakov. – Prezidentimizning 2024 yil 16 oktyabrdagi farmoni bilan 13 ta politexnikum Jizzax politexnika institutiga biriktirildi. Shuningdek, institut tarkibida “Qurilish materiallarini sinash va sertifikatlash” ilmiy laboratoriyasi, “Kasb-hunar markazi”, “Tadbirkorlik maktabi” filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-20587]
2024-2025 o‘quv yilida institutda mexatronika va robototexnika, yo‘l harakatini tashkil etish, iqtisodiyot, shahar qurilishi va loyihalash, kadastr, meva-sabzavotchilik va uzumchilik, kompyuter injiniringi, dasturiy injiniring bo‘yicha 8 ta yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va buxgalteriya hisobi, muqobil energiya manbalari, mashinasozlik texnologiyasi, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash magistratura mutaxassisligi bo‘yicha talabalar qabuli yo‘lga qo‘yilgan.
– Kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilab olish uchun 12 banddan iborat chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqqanmiz, – deydi institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori vazifasini bajaruvchi Jasurjon Nasriddinov. – Jumladan, institut va ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan integratsiyani rivojlantirib, dual ta’limni kengaytirish, nufuzli oliy ta’lim muassasalari tajribasi va ta’lim dasturlarini tahlil qilgan holda o‘quv rejalar ishlab chiqish, ta’lim dasturlarini takomillashtirish belgilangan. Bundan tashqari, yana 10 ga yaqin chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra samarali ish olib borilmoqda.
Matbuot anjumani davomida tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldi. Anjuman yakunida jurnalist va blogerlar JizPIda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA