Jinoyatga jazo muqarrar
Dunyoda o‘g‘rilik bilan kun ko‘rib oilasiga harom luqma berayotganlar ham topiladi. O‘g‘rilikning turlari ko‘p, albatta. Keyingi paytlarda davlatning yer osti boyligi sanalgan tabiiy gaz o‘g‘rilari ham paydo bo‘lgani kishini ajablantiradi. Ayniqsa, tadbirkor niqobi ostida o‘g‘rilik qilganlar haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak.
Ayni kunlarda, mamlakatimizning deyarli barcha hududlarida Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika va hududiy shtablar xodimlari tomonidan energiya resurslarni talon-toroj qilinishini fosh etishga qaratilgan nazorat tadbirlari olib borilmoqda.


Ana shunday tadbirlardan biri Jizzax viloyatida ham o‘tkazildi. Unda shaharning Yonarbek Ko‘rnamakov rahbarligidagi “O‘JUQ” mas’uliyati cheklangan jamiyat(maqoldagi geografik atamalar va shaxslarning ismi-sharifi o‘zgartirildi)ga qarashli qurilish materiallari ishlab chiqarish sexidagi gaz qurilmalarini o‘zboshimchalik bilan yer ostidan o‘tgan o‘rta bosimli gaz quvuriga yashirin ravishda ulanib, davlatni 902 ming 600 kub metr yoki 1 milliard 354 million so‘mlik tabiiy gazidan o‘g‘irincha foydalanib kelgan.

Mazkur holat yuzasidan mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi, 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlandi.
Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarini fosh etishga qaratilgan kuchaytirilgan reyd tadbirlari nafaqat Jizzax viloyatida, balki, respublikamizning barcha hududlarida ham izchillik bilan davom etmoqda. Ogoh bo‘ling!
A.Qayumov, O‘zA.