Jinoyat ishi jamoatchilik muhokamasida
Buxoro viloyati Kogon tumanida sodir etilgan og‘ir jinoyat viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 28 yanvar kuni soat taxminan 02:30 larda Kogon tumani «Tutikunda» MFY «Tutkunda» qishlog‘ida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro J.J Buxoro tumani «Rabotipoyon» MFY «Urganjiyon» qishlog‘ida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan fuqaro I.A bilan o‘zaro kelishmovchilik oqibatida janjallashib qoladi. Natijada fuqaro J.J fuqaro A.I ni bosh va yuz sohalariga qo‘li bilan qasddan urib, badaniga og‘ir shikast yetkazadi.

Jabrlanuvchi fuqaro A.I olgan tan jarohatlari natijasida RSHTYOIM Buxoro filiali jonlantirish bo‘limida ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etadi. Mazkur holat yuzasidan viloyat IIB Tergov boshqarmasi tomonidan fuqaro J.J ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi qamoqqa olingan.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Aliyev tomonidan, tuman sektor rahbarlari, mutasaddi idoralar mas’ullari, tuman faollari, «Tutikunda» mahallasi mutasaddilari, ushbu mahallaning profilaktika inspektori, mahalla hududidagi qishloq va ko‘cha vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirokida mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari o‘rganildi.
Jinoyatni muhokama qilish jarayonida mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorining hududda huquqbuzarliklar va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirgan profilaktik tadbirlari hamda ularning natijalari yuzasidan hisoboti tinglandi. Mas’ullar jinoyat sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo‘lgan sharoitlar yuzasidan tushuntirishlar berdi. Mutasaddilar va ichki ishlar bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Viloyatning barcha hududlari va mehnat jamoalarida ushbu jinoyat hamda uning oqibatlarini ta’sirchan muhokama qilish topshirildi. Shuningdek, kelgusida bu kabi og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni oldini olish maqsadida, qo‘ni-qo‘shni, tanish bilish, er-xotin, aka-uka va qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi muammoli masalalarni o‘rganish, ularni bartaraf qilish borasida idoralararo hamkorlikni yanada kuchaytirish topshirildi. Jinoyat sodir etish ehtimoli yuqori bo‘lgan toifa shaxslar, oilalar bilan olib borilayotgan profilaktik tadbirlar sifatini oshirishga, hududlarda «fuqarobay», «oilabay» va «xonadonbay» tizim, «Xavfsiz hovli» tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarga alohida e’tibor qaratish lozimligi yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA