JIDUda “Executive Education” fakulteti ochildi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida yangi, “Executive Education” (Oliy boshqaruv ta’limi) fakultetining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati, Tashqi ishlar, Investitsiya va tashqi savdo vazirliklari, Strategik rivojlanish agentligi, davlat korxonalari, xususiy kompaniyalar, yurtimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik missiya rahbarlari, universitet professor-o‘qituvchilari, talabalari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda kechayotgan keng ko‘lamli islohotlar davlat idoralari rahbar xodimlari, davlat kompaniyalari va xususiy biznes top-menejerlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini tubdan modernizatsiya qilishni taqozo etmoqda. Xususan, JIDU tarkibida dunyoning yetakchi universitetlari tajribasidan kelib chiqib, “Executive Education” fakulteti tashkil etilishi ayni yo‘nalishda olib borilayotgan amaliy ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
[gallery-7224]
Fakultet faoliyatining asosiy yo‘nalishi – rahbar xodimlarni zamonaviy boshqaruv va biznes yuritish usullariga o‘rgatish, jahon savdosi hamda investitsiya faoliyatining zamonaviy tendensiyalari, iqtisodiyotning turli sohalariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish tajribasi bilan yaqindan tanishtirishdan iborat.
“Executive Education” o‘quv dasturlarini yaratishga AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapurdan, shuningdek Yevropa davlatlari nufuzli universitetlaridan professor-o‘qituvchilar, ta’lim sohasiga oid zamonaviy “know-how” tizimi mutaxassislari jalb etilgan.
Davra suhbati so‘ngida tez orada yangi fakultetda “Yetakchilik va strategiya, boshqaruv tamoyillari”, “Zamonaviy sanoat siyosati”, “Korporativ boshqaruv, moliyaviy menejment” dasturlari amalga oshirilishi ta’kidlandi.
Ulug‘bek Mahmirzayev, Oqil G‘ulomov, O‘zA