Jiddadagi jahon chempionatida medallarimiz soni ortmoqda
Shu kunlarda Saudiya Arabistonining Jidda shahrida davom etayotgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati sayyoramizning eng kuchli og‘ir atletikachi o‘smirlarini o‘zida jamlagan.
Musobaqaning beshinchi kungi bahslarida ham hamyurtlarimiz shijoat ko‘rsatishdi. Dastlab 61 kg vazn toifasida Madinabonu Jo‘rayeva ikkikurash natijasiga ko‘ra, umumiy hisobda 179 kg natija qayd etib, 5-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
71 kg vazn toifasidagi o‘smir qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarning siltab ko‘tarish bahsida Sevinchoy Komilova 111 kg natija bilan 3-o‘rinni egalladi va terma jamoamiz hisobiga navbatdagi bronza medalini qo‘shib qo‘ydi.

Ushbu vaznda ishtirok etgan hamyurtimiz Nigora Suvonova dast ko‘tarishda 92 kg og‘irlikdagi shtangani bo‘ysundirib, kumush medalga sazovor bo‘ldi. Aytish lozimki, Nigora siltab ko‘tarish mashqlarida 114 kg natija bilan yana bir kumush medal sohibasiga aylandi. Ikkikurash natijasiga binoan hamyurtimiz 2-o‘rinni egalladi. Bu esa Suvonovaning jahon chempionatida 3ta medalga musharraf bo‘lishini ta’minladi, deya xabar bermoqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.
Joriy yilning 5 oktyabridan beri davom etayotgan 17 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi dunyo birinchiligida yurtimiz o‘smir yoshlari hozircha 8 tadan ziyod medallar shodasiga ega bo‘lib turibdi. Iqtidorli sportchilarimiz Husinboy Matrasulov bronza, Ozoda Hojiyeva kumush va eng yosh sportchilarimizdan biri Diyorbek Ermatovning dast ko‘tarishda oltin medalga sazovor bo‘lganligi hamda kechagi bahslarda Sevinchoy Komilova va Nigora Suvonovaning kumush va bronza medallariga ega chiqqanligi O‘zbekiston yosh og‘ir atletikachilarining xalqaro maydonda o‘z munosib o‘rni borligidan dalolat.
Bugun 10 oktyabr kuni jahon chempionatida qiz bolalar 76 kilogramm vaznda, o‘g‘il bolalar esa 96 kg og‘irlikdagi musobaqalarda medallar uchun bahslashadi. Dunyo birinchiligi 12 oktyabrga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA