Jenevadagi BMT qarorgohida Markaziy Osiyoning ilmiy va ma’naviy merosi taqdimot qilindi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Jenevadagi BMT bo‘linmasida Markaziy Osiyoning ilmiy va ma’naviy merosi, shuningdek, uni o‘rganish, saqlash va keng targ‘ib etishga qaratilgan zamonaviy loyihalarni taqdim etdi.
Millatlar saroyida “Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar” ko‘rgazmasi hamda diplomatlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar va madaniyat namoyandalarini birlashtirgan xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
“Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi hamda ma’rifat ufqlari” mavzusidagi konferensiya Buxoro, Samarqand va Termizning ilmiy an’analari jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi hamda ushbu merosning zamonaviy jamiyat uchun ahamiyatiga bag‘ishlandi.
Ushbu tadbir Parijdagi YUNESKO qarorgohida boshlangan xalqaro muloqotning mantiqiy davomi bo‘ldi. Har ikki uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusni hayotga tatbiq etish doirasida tashkil etildi. Ushbu global tashabbus Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy kabi buyuk mutafakkirlarning boy merosini chuqur o‘rganish hamda jahon jamoatchiligiga keng tanitishga qaratilgan.

Dastur “Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar” ko‘rgazmasi bilan boshlandi. Unda kitoblar, ilmiy va illyustratsiyali nashrlar, miniatyuralar, shuningdek, Markaziy Osiyoning buyuk mutafakkirlari hayoti va kashfiyotlari haqidagi materiallar namoyish etildi. Ekspozitsiya mintaqa ilmiy va badiiy an’analarining boyligini, shuningdek, avlodlar o‘rtasidagi bilimlar davomiyligini ochib berdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining BMTning Jenevadagi bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi Doimiy vakili Eldiyor Toshmatov tabrik so‘zlari bilan ishtirok etdi.
– O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi menda ulkan taassurot qoldirdi. Bu, boy tarixiy meros zamonaviy texnologiyalar yordamida taqdim etiladigan ilhom maskani. Bu haqiqatan ham XXI asr markazi bo‘lib, turli avlod vakillari, ayniqsa, yoshlar va bolalar uchun qiziqarlidir. Ko‘rgazma hayratlanarli, taqdim etilgan kitoblar esa mutlaqo noyob. Biz kutubxonamiz va Markaz o‘rtasida hamkorlik qilishga kelishib oldik. O‘ylaymanki, bu juda qiziqarli hamkorlik bo‘ladi, – dedi BMTning Jenevadagi bo‘linmasi Bosh direktori Tatyana Valovaya .
Konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Saidov ham so‘zga chiqdi.
–Parijdagi YUNESKO tadbirlaridan so‘ng, buyuk ajdodlarimiz merosi Jenevadagi Millatlar saroyida ham namoyish etilgani xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otdi, – dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov. – BMTning Jenevadagi bo‘linmasi rahbariyati bilan tashkilot kutubxonasi hamda arxivlaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Bu Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston tarixiga oid ilgari noma’lum bo‘lgan nodir materiallarni tadqiq etish uchun yangi istiqbollarni ochadi.
Ishtirokchilar Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyning Buxoro, Termiz va Samarqandning ilmiy an’analari bilan bog‘liq merosiga alohida e’tibor qaratdilar. Muhokamalar markazida bilimlarning ishonchliligi, ularni keyingi avlodlarga yetkazish mas’uliyati, shuningdek, e’tiqod va aql o‘rtasidagi munosabat masalalari bo‘ldi.
Berlindagi «Cultur-Cooperation International» tashkiloti direktori, WOSCU (O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati) a’zosi Ketlin Gyobel anjumanda maxsus ma’ruza bilan ishtirok etdi. U o‘z nutqida bugungi dunyoda tinchlikni mustahkamlash davlatlar, jamoat institutlari va xalqaro tashkilotlarning birgalikdagi sa’y-harakatlarini talab etishini ta’kidladi. Shuningdek, Ketlin Gyobel Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi global tinchlik va hamjihatlik sari qo‘yilgan muhim amaliy qadam bo‘lganini alohida qayd etdi.
– Men Imom Moturidiy va Beruniy merosini o‘rgandim hamda ularning g‘oyalari nima uchun bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagani haqida mulohaza yuritdim. Diniy mansubligimizdan qat’i nazar, har birimiz tinchlikparvar bo‘lish va xilma-xillikka boy jamiyatimizda tinchlikni mustahkamlashga hissa qo‘shishga intilishimiz nihoyatda muhim, deb hisoblayman, – dedi Latter-day Saint Charities tashkiloti vakili Kreyg Teylor.
Konferensiyaning ilmiy qismini uning moderatori, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov ochib berdi. U Markaziy Osiyo olimlarining kashfiyotlari, ularning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi hamda Markazning xalqaro missiyasi haqida so‘z yuritdi.
A. RUSTAMOV,
O‘zA