Jenevada O‘zbekistonning irqiy kamsitishga qarshi xalqaro majburiyatlari ijrosi muhokama qilindi
Shveysariyaning Jeneva shahrida BMTning Irqiy kamsitishni tugatish qo‘mitasining 117-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Sessiya doirasida O‘zbekistonning Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya qoidalarini bajarishi yuzasidan XIII va XIV birlashgan davriy ma’ruzalari ko‘rib chiqildi.

Delegatsiya a’zolari tomonidan mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash, kamsitishning barcha shakllariga qarshi kurashish va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan izchil islohotlar haqida axborot berildi.
Xususan, qonunchilikni takomillashtirish, institutsional mexanizmlarni kuchaytirish hamda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijalariga alohida e’tibor qaratildi.
BMT Bosh Assambleyasining 1965-yil 21-dekabrdagi rezolyutsiyasi asosida qabul qilingan mazkur konvensiya doirasidagi majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan qo‘mitaga taqdim etilgan XIII va XIV birlashgan davriy ma’ruzalar asosida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.
N.Abduraimova, O‘zA