Jenevada “Manas va Chingiz Aytmatov” ko‘rgazmasi ochildi
Shveysariyaning Jeneva shahrida mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatov va buyuk “Manas” dostoni bilan bog‘liq qirg‘iz, rus, ingliz va turk tillarida nashr etilgan kitoblar, chizma va bukletlar namoyish etilgan ko‘rgazma bo‘lib o‘tmoqda.
“Kabar” axborot agentligi xabariga ko‘ra, ushbu tadbir Qoraqirg‘iz avtonom viloyati tashkil topganining 100 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan.

Ko‘rgazma javonidan Qirg‘izistonda ishlab chiqarilgan geografik ko‘rsatkich maqomiga ega mahsulotlar, xalqning ma’naviy merosi hisoblangan milliy kiyimlar, cholg‘u asboblari ham o‘rin olgan.
Ochilish marosimida qatnashgan “Qirg‘izpatent” direktori Raxat Kerimbayeva Chingiz Aytmatov ijodi, “Manas” dostonining o‘ziga xosligi haqida gapirdi.

Tadbirda qirg‘iz kuy va qo‘shiqlari yangradi.
Ko‘rgazmada Jahon intellektual mulk tashkilotiga a’zo 193 davlat vakillari ishtirok etyapti. Ko‘pchilik qirg‘iz qo‘shiqlari, milliy taomlari, kiyim-kechaklariga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Tashkilotchilar tadbir respublikada turizm sanoatini rivojlantirishga xizmat qilishi, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni jahon bozoriga olib chiqish, milliy madaniyatni ulug‘lash imkonini yaratishiga ishonch bildirdilar.