JCH–2026: Germaniya pley-offga yo‘l olgan guruhda, Kyurasao tarixiy natija qayd etdi
Germaniya g‘alabasi va Kyurasao darvozabonining rekordi “E” guruhidagi ikkinchi turning eng e’tiborli voqealariga aylandi.
AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qilayotgan futbol bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionatining “E” guruhida ikkinchi tur uchrashuvlari yakunlandi.
Turning markaziy bahsida Germaniya va Kot-d’Ivuar terma jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi. Qiziqarli va murosasiz kechgan bellashuv 2:1 hisobida Germaniya foydasiga hal bo‘ldi. Uchrashuvning 30-daqiqasida kot-d’ivuarliklar sardori Frank Kesse tomonidan hisob ochildi. Ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushgan Deniz Undav 68-daqiqada muvozanatni tiklagan bo‘lsa, qo‘shimcha vaqtning to‘rtinchi daqiqasida g‘alaba golini kiritdi.
Ushbu natijadan so‘ng Yulian Nagelsmann boshchiligidagi Germaniya terma jamoasi 6 ochko bilan guruhda yakka peshqadamga aylandi va pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Kot-d’Ivuar termasi esa 3 ochko bilan ikkinchi o‘rinda qoldi.

Guruhning yana bir uchrashuvida Ekvador hamda Kyurasao terma jamoalari raqobatlashdi. O‘yinda hisob ochilmadi — 0:0. Mazkur natija Kyurasao uchun tarixiy ahamiyat kasb etib, jamoa Jahon chempionatlari tarixidagi ilk ochkosini qo‘lga kiritdi.
Uchrashuv qahramoni Kyurasao darvozaboni Eloy Rom bo‘ldi. 37 yoshli posbon Ekvador hujumlarini qaytarib, bir o‘yinning asosiy vaqti davomida 15 ta seyv amalga oshirdi. Бу ko‘rsatkich 1966-yildan buyon yuritib kelinayotgan statistikada Jahon chempionatlari rekordi hisoblanadi.

Darvoqe, ayni damga kelib, Ekvador va Kyurasao hisobida 1 tadan ochko mavjud va ular gollar nisbatiga ko‘ra 3-4 pog‘onadan joy oldi.
“E” guruhida 3-tur o‘yinlari 25-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Germaniya – Ekvador, Kyurasao – Kot-d’Ivuar terma jamoalari bahsiga guvoh bo‘lamiz.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA