Javlon Vahobov: “Markaziy Osiyo – Turkiya” formati – sheriklikning o‘ziga xos shakli
Anqara shahrida Siyosat, iqtisodiyot va jamiyat tadqiqotlari jamg‘armasi (SETA) tomonidan Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo – Turkiya: o‘zgarib borayotgan dunyoda umumiy kelajak” forumi tashkil etildi.
Tadbirda ikki mintaqadan davlat tuzilmalari, diplomatik korpus, yetakchi tahlil markazlari, akademik doiralar vakillari hamda ekspertlar qatnashdi.
Ishtirokchilar xalqaro vaziyat o‘zgarib borayotgan bir sharoitda o‘zaro strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbolini muhokama qildilar. Savdo, sarmoya, energetika, transport bog‘liqligi, texnologiya, ta’lim, madaniyat va ekspertlar muloqotini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

SETA bosh koordinatori Nabi Mish o‘z nutqida yetakchilarning mustahkam siyosiy irodasi va muntazam muloqoti umumiy tarixiy-madaniy yaqinlikni aniq siyosiy hamkorlikka aylantirish imkonini berganini ta’kidladi. Qayd etishicha, dunyo ta’minot zanjiri, energetika yo‘nalishlari va transport tarmog‘i qayta shakllanayotgan bir davrda ishonch va umumiy qadriyatga asoslangan sheriklik muhim strategik ustunlikka aylanmoqda.
O‘z navbatida MOXI direktori Javlon Vahobov Markaziy Osiyo va Turkiya hamkorligi kelajagi umumiy tarix, madaniy yaqinlik va o‘zaro ishonchni aniq loyihalar, investitsiya hamda mintaqaviy bog‘liqlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarga aylantirishda ekaniga urg‘u berdi.

Ekspertimiz fikricha, “Markaziy Osiyo – Turkiya” formatini mavjud platformalar, jumladan Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorligi (SARES) dasturi kabi tuzilmalarga muqobil maydon emas. Ushbu maydonning vazifasi iqtisodiyot, sarmoya, texnologiya, energetika, transport bog‘liqligi, ta’lim va madaniyatni qamrab oluvchi o‘ta aniq, amaliy kun tartibini shakllantirishdan iborat.

Ikki mintaqa o‘rtasidagi savdo hajmi 2018-yildan buyon ikki barobar o‘sib, 2025-yil 14,5 milliard dollarga yetgan. 2030-yilga borib mazkur ko‘rsatkichni 30 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Turkiya Markaziy Osiyoga kiritgan sarmoya 2016-2024-yillar davomida 2,5 barobar oshdi. Mintaqamizdagi turk kompaniyalari soni esa 4 000 dan qariyb 7 000 ga yetdi. Demak, biz uchun ushbu qardosh davlatning savdo, investitsiya, logistika va texnologiya hamkorligi borasidagi o‘rni tobora mustahkamlanmoqda.
Munozaralar chog‘ida energetika, muhim mineral resurslar va raqamli transformatsiya masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Markaziy Osiyoning energetika va xom ashyo salohiyati Turkiyaning energetik xab hamda sanoat hamkori sifatidagi mavqei bilan uyg‘unlashishi mumkinligi e’tirof etildi. Bu jarayon, jumladan, yashil energetika, qayta ishlash, akkumulyator materiallari, vodorod va yangi texnologiya sohalaridagi loyihalarni qamrab oladi. Raqamli yo‘nalishda esa sun’iy intellekt, moliya texnologiyasi, kiber xavfsizlik, raqamli davlat xizmati, qishloq xo‘jaligi sanoati texnologiyasi, suv tejovchi yechimlar, qo‘shma ta’lim dasturlari va raqamli kadrlar tayyorlash istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Forum yakunida ishtirokchilar Markaziy Osiyo va Turkiya o‘rtasida muntazam ekspert muloqotini yanada rivojlantirish muhimligini ma’qulladilar. Xalqaro beqarorlik kuchayib borayotgan bir davrda bunday hamkorlik amaliy yechimlar ishlab chiqish, mintaqaviy bog‘liqlikni mustahkamlash hamda ishonch, o‘zaro manfaat va umumiy strategik manfaatga asoslangan uzoq muddatli sheriklik kun tartibini shakllantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
G‘.Xonnazarov tayyorladi. O‘zA