“Jasorat uchqunlari” g‘oliblari Ozarbayjonga ta’lim sayohatiga yo‘l oldi
Yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash, ularning jismoniy tayyorgarligi va yetakchilik qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan harbiy-vatanparvarlik musobaqalari nafaqat raqobat, balki munosib rag‘batlantirish tizimi bilan ham ahamiyatli.
Ana shunday tashabbuslardan biri — “Jasorat uchqunlari” musobaqasi g‘oliblari uchun tashkil etilgan xorijiy ta’lim sayohati yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish va xalqaro tajriba bilan tanishishga xizmat qiladi.
Joriy yilning iyun oyida “Jasorat maktablari”ning 5–9-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Jasorat uchqunlari” harbiy-vatanparvarlik va sport musobaqasi o‘tkazilgan edi.
Belgilangan tartibga muvofiq, musobaqaning respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoa a’zolari hamda ularning ustozi xorijiy davlatga ta’lim sayohati bilan taqdirlanadi.
Bugun mazkur musobaqada faxrli 1-o‘rinni egallagan Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanidagi 1-sonli AFCHO‘Mning “Jasorat sinfi” jamoasi Ozarbayjon Respublikasiga ta’lim sayohatiga jo‘nab ketdi.
Sayohat davomida o‘quvchilar Ozarbayjonning tarixiy va madaniy obidalari, diqqatga sazovor maskanlari hamda ta’lim muassasalarida bo‘lib, turli ma’rifiy va madaniy tadbirlarda ishtirok etadi.
Mazkur ta’lim sayohati yoshlarning bilim va dunyoqarashini boyitish, xalqaro hamkorlik muhitini his etish hamda vatanparvarlik ruhini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA