“Jasorat maktablari”ga saralashning ikkinchi bosqichi boshlandi
“Jasorat maktablari”ga qabul jarayoni qizg‘in davom etmoqda. Bu dargohga qabul qilish nafaqat bilim, balki jismoniy tayyorgarlik, intizom va matonatni ham talab qiladi.
Shu bois har bir sinov kelajakda Vatan xizmatiga bel bog‘lagan o‘quvchilar uchun muhim imtihon hisoblanadi.
Bugun respublika bo‘ylab “Jasorat maktablari”ga qabul imtihonlarining ikkinchi bosqichiga start berildi. Sinovlar mamlakatning barcha hududlarida bir vaqtning o‘zida 208 ta binoda tashkil etildi.
Tadbir boshida harbiy orkestr sadolari ostida o‘quvchilar va ularning ota-onalari tantanali tarzda kutib olindi. Shundan so‘ng hamkor vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokchilarga omad tilab, ularni vatanparvarlik ruhidagi musiqa sadolari ostida imtihon binolariga kuzatdi.
Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sinovlarda 4-sinf o‘quv dasturi asosida har bir nomzodga 5 ta jismoniy mashq bajarish vazifasi berildi. Mazkur bosqichdagi natijalarni baholash uchun 1 664 nafar malakali hakam jalb etilgan bo‘lib, har bir maktab uchun kamida 8 nafar hakam faoliyat yuritmoqda. Nomzodlarning jismoniy tayyorgarligi 50 ballik tizim asosida baholanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA