Jarqo‘rg‘onlik bola onasiga qaytarildi
Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida yashovchi Muzrob Saitov va Oygul Nozimova(ism-shariflar o‘zgartirildi)lar bir olam orzu-umidlar bilan oila qurgan edi. Lekin, bir farzandli bo‘lishgach, o‘zaro kelishmovchiliklar sababli oilaga darz ketdi.
Orzulari sarobga aylangan Oygul kelin bo‘lib tushgan uyidan o‘g‘lini tashlab chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Hali uch yoshning ostonasida turgan norasida jigarbandini ota qo‘liga tashlagan onaizor uning kelajagini o‘ylab, huquq himoyachilaridan yordam so‘radi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudiga murojaat etdi.
Taraflar va xolislar ishtirokida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida bu masala atroflicha o‘rganilib, odil qaror qabul qilindi. 2020 yil may oyida tug‘ilgan bolaning ona parvarishiga muhtojligini inobatga olib, uni ona tarbiyasiga qaytarish zarurligi belgilandi.
Sudning ijro hujjati MIB Jarqo‘rg‘on tuman bo‘limi ish yurituviga qabul qilinib, ijro harakatlariga kirishilgach, Muzrob yana bir “hunar” ko‘rsatishga urindi.
–Jamiyatimizda oilaviy ajrimlarning ortayotgani, farzandlar tarbiyasi hamda ularning moddiy ta’minoti og‘riqli masalalardan biriga aylandi, – deydi MIB Jarqo‘rg‘on tumani bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Dadaxon Nazarov. – Milliy o‘zligimizga xos bo‘lmagan oilaviy ajrimlardan begunoh farzandlar ko‘proq aziyat chekishi tashvishlidir. Mazkur holatda davlat ijrochilari javobgarni bir necha marta ogohlantirishiga qaramay, Muzrob o‘g‘lini ona tarbiyasiga berishga jiddiy qarshilik qildi. Ma’muriy javobgarlikka tortilib, qonunda ko‘rsatilgan huquq va majburiyatlari tushintirildi.
Ayni paytda bola ona tarbiyasiga sog‘-salomat olib berilib, ijro hujjati ijrosi tugatildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri