Janubiy Koreyada “O‘zbekiston kuni” o‘tkazildi
Janubiy Koreyaning Seul shahridagi Xankuk chet tillari universitetida “O‘zbekiston kuni” o‘tkazildi.
Janubiy Koreyaning Seul shahridagi Xankuk chet tillari universitetida “O‘zbekiston kuni” o‘tkazildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasining Koreyadagi elchixonasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston yoshlar umumjahon assotsiatsiyasining Janubiy Koreyadagi vakili o‘tkazdi.
– O‘zbekistonning tarixi, madaniyati va san’ati odamlarni rom etishda boshqa davlatlardan alohida ajralib turadi, – deydi Xankuk chet tillari universiteti xalqaro bo‘lim boshlig‘i Sekon Oh. – Sayyohlarni jalb qilish va ularga turli yo‘nalishdagi ob’ektlarni taklif qilishda O‘zbekiston ulkan imkoniyatlarga ega. Yurtingizda mazkur sohaga katta e’tibor qaratilishi va bu borada olib borilayotgan islohotlar, ayniqsa, O‘zbekiston eng xavfsiz mamlakatlar qatoriga kiritilishi sayyohlar oshishiga xizmat qiladi.
“O‘zbekiston kun” o‘tkazishdan maqsad – Janubiy Koreya aholisiga hamda universitetda tahsil olayotgan turli davlatlardan kelgan talabalarga O‘zbekistonning tarixi, madaniyati, san’ati va turizm salohiyati haqida ma’lumot berish orqali ularning O‘zbekistonga qiziqishini oshirishdan iborat.
Shu bois ham tadbirda o‘zbek milliy taomlari tayyorlanib, ishtirokchilarga ulashildi. Milliy qadriyatlarimizni aks ettiruvchi ko‘rgazmali burchakda ham tomoshabinlar yetarlicha bo‘ldi. Ular o‘zbek kuy-qo‘shiqlarini tinglab, miriqib raqsga tushdi.