Janubiy Koreya tajribasi keng o‘rganiladi
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Koreya milliy politsiya universiteti prezidenti janob Li Chyol Gu boshchiligidagi delegatsiya bilan o‘tkazilgan muzokaralar kun tartibidan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari o‘rin oldi.
Uchrashuv chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mushtarak aloqalar ishonchli birodarlik va strategik sheriklik asosida rivojlanib borayotgani e’tirof etildi. O‘zbekiston va Koreya Respublikalari ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash va zamonaviy taraqqiyotning rivojlanish tendensiyalarini qo‘llab-quvvatlash tarafdori. Ta’lim muassasalari rahbarlari o‘zaro tajriba almashinuvini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidladilar.

Janob Li Chyol Gu samimiy uchrashuv uchun minnatdorlik bildirgan holda xalqlarimiz o‘rtasidagi asriy aloqalarni yuksak darajada qadrlashini aytib o‘tdi.
– Koreya Respublikasi jahonning yuksak taraqqiy etgan va ulkan salohiyatga ega davlatlaridan biri. Mamlakat ko‘plab sohalar qatori, innovatsion ta’lim sohasida ham ilg‘or tajribalarni qo‘llab kelmoqda. Hamkorlikni ravnaq toptirishdan ko‘zlagan asosiy maqsadimiz ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlashda Koreya milliy tajribasining o‘ziga xos yutuqlarini o‘rganib, amaliyotga tatbiq etishdir, – dedi Akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov.
Konstruktiv va ochiq ruhda o‘tgan uchrashuvda yaqin istiqboldagi rejalar, xususan, ta’lim muassasalari o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumi hamda “yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning amaliy natijasi haqida fikr almashildi. Tomonlar 2021/2022-o‘quv yili davomida o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilar uchun Koreya milliy politsiya universitetida jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, xavfsiz turizmni ta’minlash, IT texnologiyalar, kiberjinoyatlarni fosh etish va tergov qilish kabi yo‘nalishlarda malaka oshirish kurslarini tashkil etish, Janubiy koreyalik malakali mutaxassislarni uzoq muddatga IIV Akademiyasiga tajriba almashish uchun yuborish, almashuv (paritet) asosida kursantlarni o‘qitish, axborot texnologiyalari, ilmiy-texnikaviy va intellektual hamkorlikni kengaytirish borasida bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.
Shu kuni xorijlik mehmonlar Akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Janob Li Chyol Gu ta’lim samaradorligini oshirish maqsadida o‘quv jarayoniga tatbiq etilayotgan o‘ziga xos yondashuvlarga yuqori baho berdi.

Kunning ikkinchi yarmida koreyalik mutaxassislar tomonidan Akademiya kursantlari va professor-o‘qituvchilari uchun “Politsiya faoliyatining umumiy tamoyillari”, “Profayling, jinoyatchi psixologiyasi psixologik tamoyillari va asoslarini qo‘llash”, “Jinoyatlarni oldini olish va tergov qilishda dron qurilmalardan foydalanish”, “Jinoyatlarni tergov qilishda barmoq izlari, DNK, izlarni tahlil qilish usullari” mavzularida master-klass mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Jamshid XOLOV, kapitan