Janubda yosh chegarachi askarlar qasamyod qabul qildi
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining mamlakatimiz janubidagi harbiy qismlarida konstitutsiyaviy burchini sharaf bilan o‘tash uchun muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlarning tantanali qasamyod qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Surxondaryo viloyatining Termiz tumanidagi harbiy qismda Chegara qo‘shinlari mas’ul ofitserlari, faxriylari, muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan o‘g‘lonlar va ularning ota-onalari, qavmu qarindoshlari ishtirok etgan tadbirda Yangi O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimiz xavfsizligi, sarhadlarimiz osoyishtaligi, xalqimizning tinch, farovon hayotini ta’minlashda yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Harbiy majburiyatni o‘tash har bir o‘g‘lon uchun sharafli burch, Vatanga qasamyod esa yigitlik sha’ni, or-nomusi ekani alohida qayd etildi.

Tantanali marosimda yosh askarlar O‘zbekiston xalqiga va Prezidentiga sadoqatli bo‘lishga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan talablarni vijdonan bajarishga, xalq va davlat manfaatlarini himoya qilishga qasamyod qildi.
– Bugun oilamiz uchun bir umr esda qoladigan kun bo‘ldi, – deydi muddatli harbiy xizmatga Andijon viloyati Paxtaobod tumanidan chaqirilgan yosh chegarachi Abdulaziz Rasulovning buvisi Gavxarxon Boymatova. – O‘n to‘rt nevaram bor. Bugun ikkinchi nevaram Vatanga, Prezidentimizga, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishga va’da berdi. Uning bu qasamyodi buvi sifatida menga o‘zgacha sevinch ulashdi. Hozir bu yerdagi askarlarning qurollar bilan safda ildam yurishlari, chiqishlarini ko‘rib ko‘zimiz quvondi. Bir oyda farzandlarimiz qaddi-qomati va harakatlarida yuz bergan o‘zgarishlardan behad xursand bo‘ldik. Ona yurtimizni ko‘z qorachig‘idek asrashga so‘z bergan nevaram bilan faxrlanamiz. Dunyoning ayrim mintaqalarida notinch hayot hukm surayotgan hozirgi zamonda tinch-to‘kin turmush kechirayotganimizga shukrona aytamiz.

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi Sarbozar mahallasida ulg‘ayib, kamolga yetgan Laziz Egamqulov o‘tgan o‘quv yilida o‘rta maktabni tugatib, mustaqil hayotga yo‘llanma oldi. U bolalikdagi orzusini ro‘yobga chiqarish, egniga harbiy libos kiyish uchun muntazam sport bilan shug‘ullanib, jismonan toblandi. Maktabda olgan bilimlarini mustahkamlab, askar bo‘lishga tayyorgarlik ko‘rdi. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, yigitlik burchini sharaf bilan bajarish uchun yurtimiz janubiga keldi.

– Barcha safdoshlarim qatori men ham qasamyod qildim, – deydi muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askar Laziz Egamqulov. – Qasamyodgacha ham har bir kunimiz sermazmun, yodda qoladigan lahzalarga boy bo‘ldi. Harbiy hayotga tez va oson ko‘nikdim. Bu yerda biz uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Buni biz mamlakatimizda bunyodkor xalqimizning osoyishta turmushini ta’minlash va Vatan himoyachilariga yuksak e’tibor namunasi, deb bildik. Endilikda bu e’tiborga munosib bo‘lib, zimmamizdagi yigitlik burchimizni sharaf bilan bajaramiz.

Marosimda tantanali qasamyod qilgan alp kelbat jasur sarhadlarimiz posbonlarining shahdam odimlari va ko‘zlarida muddatli harbiy xizmatni hayot maktabi sifatida ulug‘lab, chiniqayotgani, toblanib, shijoat, fidoyilik, o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortayotganidan faxr tuyg‘usini his etayotgani namoyon bo‘ldi. Qisqa vaqtda harbiy sohaning sir-asrorlarini o‘rganib, ilk ko‘nikma va bilimlarni o‘zlashtirgani o‘z aksini topdi. O‘g‘lonlarning bunday fazilatlari ularning ota-onalari, qavmu qarindoshlari va barcha ishtirokchilarga birdek sevinch bag‘ishladi. Ularning teran fikrlari-yu, qalbida chechak otgan orzu havaslaridan mamnunlik hissini tuydi.
– Armiyaning hayot maktabi ekanini o‘zimdan kattalardan ko‘p eshitganman, ¬– deydi Navoiy viloyatining Xatirchi tumanidan chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askar Samandar Shukurillayev . – O‘tgan qisqa davrda bu hayot bizga juda ko‘p narsani o‘rgatdi. Egnimga harbiy libos kiygach, menda ham shu sohaga ishtiyoq paydo bo‘ldi. Bugun jigarlarim, yaqinlarim guvohligida Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga so‘z berganimdan quvonchim cheksiz. Endi har taraflama bilimimni yanada oshiraman. Buning uchun harbiy qismimizda yetarli qulaylik bor. Qalbimdagi ishtiyoqni yuzaga chiqarish uchun faqat xizmatni sifatli, vijdonan ado etish, o‘qish va o‘rganish talab etiladi, xolos. Bu mening muddatli harbiy xizmatdan keyin ham sarhadlarimizni ishonchli qo‘riqlashimda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda Vatanimiz mustaqilligi, sarhadlarimiz tinchligi, ko‘p millatli xalqimizning osuda, obod turmushini ta’minlashdek sharafli vazifani bajarish uchun qasamyod qabul qilgan askarlar samimiy tabriklanib, ularning xizmat burchlarini sharaf bilan ado etishiga omad tilandi. Xizmat davrida erishgan yutuqlari uchun ofitserlar, shartnoma asosida xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlar ko‘krak nishoni hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Milliy armiyamiz saflarida Vatan va xalqimiz oldidagi burchini muvaffaqiyatli o‘tab bo‘lish ostonasida turgan bir guruh muddatli harbiy xizmat oddiy askarlariga Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligining O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun beriladigan imtiyozli tavsiyanomalari tantanali topshirildi.

Marosim ishtirokchilariga Ona Vatan, tinch, osuda hayot, yurtga sadoqat va mehr-muhabbat, to‘kin turmush tarannum etilgan kuy-qo‘shiqlar bayramona kayfiyat ulashdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA