Janubda “Prezident archasi”dan qalblarga quvonchga to‘ldi
Surxondaryo viloyati markazida Termiz shahridagi “Iceberg” ko‘ngilochar maskani va tumanlarda “Prezident archasi” teatrlashtirilgan bayram tomoshalari bo‘lib o‘tdi.
Termiz shahrida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi U.Qosimov bolajonlarni davlatimiz rahbari nomidan Yangi yil bayrami bilan tabriklab, keyingi yillarda mamlakatimizda yosh avlod kamoloti yo‘lida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar haqida so‘z yuritdi.
Yangi yil arafasida vohadagi 598 nafar ota-ona qarovisiz qolgan bolalar, 41 nafar Oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilari, 20nafar Oilaviy bolalar uyi rahbarlarining o‘z farzandlari, 41 nafar ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan xodimlarning o‘g‘il-qizlari, 21 nafar “Mehrli maktab” o‘quvchilari, 132 nafar Muruvvat uyi tarbiyalanuvchilari 24 turdagi o‘quv qurollari va 34 turdagi shirinliklardan iborat “Prezident sovg‘alari”ni qabul qilib oldi.
– “Prezident archasi” bayram tadbirida qatnashganimdan quvonchim cheksiz, – deydi Termiz tumanidagi birinchi Oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchisi X.Konstantin. – Tadbirda Prezidentimizning sovg‘alarini viloyat hokimi qo‘lidan olganim ham yodimda qoladigan ajoyib voqea bo‘ldi. Biz bunday mehr va g‘amxo‘rlikdan ruhlanib, kelajakda Vatanga munosib insonlar bo‘lib voyaga yetishga intilamiz. Buning uchun a’lo baholarga o‘qiymiz.
[gallery-26902]
Tantanali tadbir bolajonlar uchun qiziqarli lahzalarga boy bo‘lgan teatrlashtirilgan bayram tomoshalari bilan yakunlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri