Janjalkash fuqaro jazosini oldi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi organlari sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etib, davlat va fuqarolar manfaatini ta’minlaydi. Bu esa gohida oson kechmaydi. Ayniqsa, qarzdorliklarni undirish maqsadida borgan davlat ijrochilari faoliyatiga qarshilik ko‘rsatish holatlari ham uchrab turadi.
Jumladan, MIB Namangan viloyati boshqarmasining Chust tumani bo‘limi davlat ijrochilari fuqaro J.N.ning xonadoniga boshqa haqdor fuqaro foydasiga 42,1 million so‘m qarzdorlikni undirish maqsadida boradi. Biroq, qarzdor majburiyatini bajarish o‘rniga, davlat ijrochilari faoliyatiga keskin qarshilik ko‘rsatib, ularni haqoratlaydi. Davlat ijrochilarining birini yuz qismiga, yana birining ko‘krak qismiga jarohat yetkazadi.
Holat bo‘yicha huquqbuzarga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Viloyat MIB shaxsiy xavfsizlik shu’basi inspektori Ravshanjon Usmonovning ma’lum qilishicha, yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tumani sudida mazkur holat atroflicha ko‘rib chiqildi.
Sud jarayonlarida barcha holatlar o‘z isbotini topib, davlat xizmatchisiga aziyat yetkazgan fuqaro J.N. Jinoyat kodeksning tegishli moddasi bilan uch yil, yetti oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.