Jamoviy sport turlari e’tibor markazida
Kecha O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida iqtidorli sportchilar zahirasini tayyorlash tizimini yanada kuchaytirishga bag‘ishlangan onlayn yig‘ilish o‘tkazildi. ZOOM platformasi orqali o‘tkazilgan yig‘ilishda federatsiya va assotsiatsiyalarning mutaxassis va mutasaddilari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov davlatimiz rahbari Tokio olimpiadasi ishtirokchilari bilan uchrashuvda yana uch yildan keyin Parijda bo‘lib o‘tadigan olimipiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha bir qator vazifalarni belgilab berganligini ta’kidlab, bu borada sportchilar zahirasini tayyorlash, seleksiya ishlarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha vazifalar mundarijasini keltirib o‘tdi.
Onlayn muloqotda tennis, regbi, gandbol federatsiyalarining mutaxassis va mutasaddilarining fikr va takliflari tinglandi.
Yig‘ilishda ixtisoslashgan ta’lim muassasalarida jamoaviy yo‘nalishlarga ajratilgan o‘rinlarning yetarli emasligiga urg‘u berildi. Ko‘zlangan natijalarga erishish uchun esa avvalo, sohaga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalarida o‘rinlar sonini ko‘paytirish, o‘qitish tizimini xalqaro talab darajasiga olib chiqish va milliy chempionatlarda raqobatbardosh kuchli klublarni ko‘paytirish zarurligi xususida takliflar ilgari surildi.
Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, muloqot jarayonida shuningdek, 2025 yil Toshkentda o‘tkazilishi belgilangan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik masalasi ham muhokama qilindi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA