Jamoatchilik nazorati – taraqqiyot omili
Bugungi kunda jamiyatimizning barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar amalga oshirilib, mamlakatimizda huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati qurishning asoslari tobora mustahkamlanmoqda.

Insoniyat orzu qilgan adolatli, erkin, farovon fuqarolik jamiyatiga erishishning eng to‘g‘ri yo‘li – bu hokimiyat va davlat boshqaruv idoralari ustidan fuqarolarning keng qamrovli jamoatchilik nazorati o‘rnatilishidir. Jamoatchilik nazorati qay darajada kuchli bo‘lsa, davlat ham shunchalik xalqchil, erkin va adolatli bo‘ladi.
Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda esa, tabiiyki, jamoatchilik nazorati institutidan unumli foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Aslida, jamoatchilik nazorati yurtimizda uzoq tarixiy ildizlarga ega. Bu institut bizda qadim-qadimdan “Oqsoqollar kengashi” ko‘rinishida namoyon bo‘lib kelgan. Bu kengashlar mahallalardagi obodonlashtirish, aholi muammolarini hal etish, o‘zini-o‘zi himoya qilish, hamisha ogoh va hushyor bo‘lish, farzandlar tarbiyasiga loqayd qaramaslik va boshqa jamoat ishlari bilan shug‘ullanadigan jamoatchilik tuzilmasi hisoblangan.
Jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda, birinchi navbatda, barcha fuqarolarning, qolaversa, nodavlat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining o‘rni va rolini yanada kuchaytirish lozim. Bu borada bugun mamlakatda kechayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga nisbatan mas’uliyat, tashabbuskorlik, daxldorlik hisi har bir inson ongida shakllanishi kerak. Biz har qanday qonunbuzilish holatlariga murosasiz bo‘lsak, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga ko‘pchilik bo‘lib baho bersak, o‘z fikr-mulohazalarimizni erkin bayon etsak, ana o‘shanda chinakam qonun ustuvorligi ta’minlanadi.
Jamoatchilik nazorati mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning samarasi va muvaffaqiyatini ta’minlashda asosiy vositalardan biri sifatida maydonga chiqadi. Shunday ekan, jamoat tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan jamoatchilik nazoratining mazmun-mohiyati va shakllari, uslublarini hamda u qanday holatlarda namoyon bo‘lishi to‘g‘risidagi nazariy va amaliy masalalarni tadqiq etish bugungi kunda oldimizda turgan dolzarb masalalardan biri ekanligini e’tirof etish joiz. Jamoatchilik nazorati jamiyatda ijtimoiy adolatning barqarorligini ta’minlashda shaxs, jamiyat va davlat aloqalarida tenglik, mas’uliyat va javobgarlik bo‘lishi uchun xizmat qiladigan omildir.
Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, qabul qilingan qonunlar va qonun hujjatlari ijrosi, hokimiyat qarorlari qanday qabul qilinishi va ijro etilishi, qonun va boshqa huquqiy hujjatlarning tayyorlanish jarayoni, davlat organlari hamda ulardagi mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati olib borilishi zarur.
Davlat dasturlari ijrosida ham samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish belgilangan vazifalarning amaliyotga joriy etilishida muhim rol o‘ynaydi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 2024 yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturi bo‘yicha Prezident farmonining 32-bandida “Yuksalish” harakati davlat dasturining amalga oshirilishini, shu jumladan, joylarga chiqib, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda tanqidiy o‘rganib borishi va natijalari bo‘yicha har oyda yuqori turuvchi organga axborot berishining mustahkamlab qo‘yilishi – Harakat tomonidan bu borada samarali jamoatchilik nazorati olib borilishini belgilab beradi.
Jumladan, davlat hokimiyati organlari, vazirlik va idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari Harakatning mazkur band ijrosi bo‘yicha faoliyatiga har tomonlama ko‘maklashib borishi, ularga zaruriy sharoit yaratib berishining belgilab qo‘yilishi davlat dasturining samarali ijrosida katta omil bo‘lib xizmat qiladi.
Shu o‘rinda aytish mumkinki, amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar jarayoni tizimli davom etib, ular o‘z samarasini berishidan barcha yurtdoshlarimiz birdek manfaatdor. Shuning uchun amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar barcha fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlaridan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda faollikni talab etadi.
Muzaffar Mamatqulov,
“Yuksalish” harakati Jizzax
viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari.
O‘zA